Anqaradagi teraktni uyushtirganlarning shaxsi aniqlandi

Olam

image

Mutaxassislar Anqarada teraktni sodir etgan va yo‘q qilingan jangarilarning shaxsini aniqladi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya o‘zining X'dagi sahifasida ma’lum qildi.

Yerliqoyaga ko‘ra, terrorchilar “Kurdiston ishchilar partiyasi” (Turkiyada taqiqlangan terroristik tashkilot) a’zosi ekani ma’lum bo‘lgan.

“Biz TUSAŞ’ga hujum qilgan va yo‘q qilingan terrorchining shaxsini aniqladik. Xoin “Kurdiston ishchilar partiyasi” a’zosi Ali O‘rek bo‘lib chiqdi. U "Rojger" laqabida tanilgan”, deb yozadi Yerliqoya.

Hujumni amalga oshirgan yana bir shaxs ham ushbu terroristik tashkiloti a’zosi Mine Sevjin Alchichek ismli ayol ekani aniqlangan. 

Ma’lumot uchun, Turkiyada “Kurdiston ishchilar partiyasi” bilan qurolli to‘qnashuv 1984 yilda  boshlangan. Ularning bazalari Iroq shimolida joylashgan bo‘lib, Turkiya qurolli kuchlari ularga qarshi havo va yer usti operatsiyalarini o‘tkazib keladi. Jumladan, Turkiya Mudofaa vazirligi bugun, 24 oktyabr kuni Turkiya havo kuchlari Suriya va Iroq shimolida 47 ta terroristik nishonni va “Kurdiston ishchilar partiyasi”ning ko‘plab jangarilarini yo‘q qilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 oktyabr kuni Anqarada Turkiyaning harbiy samolyotlar va kosmik uskunalar ishlab chiqaruvchi “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida terakt sodir bo‘lgan edi. Teraktni uyushtirgan ikki nafar terrorchi huquq-tartibot organlari tomonidan yo‘q qilingan.  Anqara Bosh prokuraturasi terakt yuzasidan tergov boshlagan. Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, 22 kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

terakt Anqara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing