Anqaradagi teraktni uyushtirgan 2 terrorchi yo‘q qilindi
Olam
−
23 Oktabr
6044Avvalroq, Turkiyaning Anqara shahridagi harbiy samolyotlar va kosmik texnika ishlab chiqaruvchi “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida terakt sodir bo‘lgani xabar qilingan edi. Ushbu teraktni uyushtirishda gumon qilingan 2 kishi yo‘q qilindi, yana bir nafari esa ozodlikda ekani aytilmoqda. Bu haqda “Sabah” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Anqaraning Qahramonqozon tumanidagi “TUSAŞ” korporatsiyasi binosi yaqinida mahalliy vaqt bilan soat 15:20 atrofida bomba bilan terakt sodir bo‘lgan. Portlash va otishma ovozlari eshitilgach, xavfsizlik kuchlari, o‘t o‘chiruvchilar va tez yordam jamoalari voqea joyiga yetib borgan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya bir ayol va bir erkak terrorchi yo‘q qilinganini tasdiqlab, ularning shaxsini aniqlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u so‘nggi terrorchi yo‘q qilinmaguncha qat’iyat bilan kurash davom etishini bildirgan va rasmiy manbalardan berilgan bayonotlarga quloq solishni so‘ragan.
“Terrorchilarning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda, ularning kimligini bilganimizdan keyin qaysi terror tashkilotiga tegishli ekanini ma’lum qilamiz”, dedi vazir.
Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BRICS sammiti doirasidagi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida 4 kishi halok bo‘lganini va 14 jarohatlanganini ma’lum qilgan.
“Bu qabih terroristik hujumni qoralayman, shahidlarimizga Allohdan rahmat tilayman”, deydi u.
Mamlakat Adliya vaziri Yilmaz Tunchga ko‘ra, terroristik hujum bo‘yicha Anqara Bosh prokuraturasi tomonidan tergov ishlari boshlangan va voqeani tergov qilish uchun 1 nafar Bosh prokuror o‘rinbosari va 8 prokuror tayinlangan.
Terroristik hujumdan so‘ng hodisa bo‘yicha tafsilotlarni OAV orqali efirga uzatish taqiqlangan.