Anqara meri Imomo‘g‘lini “prezident” deb atab, namoyishlarga qo‘shildi

Olam

image

Turkiyaning Anqara shahri hokimi Mansur Yavash Istanbulga borib, qo‘lga olingan Ekrem Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqdagi videoni u o‘zining X sahifasida e’lon qildi.

Joriy yilning 19 mart kuni ertalab boshlangan maxsus operatsiya doirasida Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li va u bilan birga 100 dan ortiq kishi hibsga olindi. Shundan so‘ng, Anqara shahar hokimi Mansur Yavash Istanbulning Sarachane tumanidagi munitsipal markazda bayonot berdi. U bu nutqini norozilik namoyishlarining ikkinchi kuni davomida aytdi.

“Biz bu mamlakatni hech qachon nazoratsiz qoldirmadik va tark etmaymiz. O‘z kelajagini va irodasini himoya qilayotgan barcha fuqarolarimizni hurmat bilan qutlayman. Adolat g‘alaba qiladi, qonun va demokratiya ustun bo‘ladi. Buni siz bilan birga amalga oshiramiz.

Biz bu yerda butun Turkiya bo‘lib jam bo‘ldik. Biz bu yerda konstitutsiyamizni himoya qilish uchun turibmiz. Milliy irodaning ustidan hech kim yuqori bo‘la olmaydi. Biz bugun Ekrem Imomo‘g‘li huquqlarini himoya qilish, jurnalist Ismoil Saymazning kasbini davom ettirishini ta’minlash va otaturkchilar huquqlarining buzilmasligi uchun bu yerga yig‘ildik.

Biz mansab uchun kurashmayapmiz. Demokratiyamizni ovozimiz bilan himoya qilamiz. Haqiqiy adolat faqat mustaqil va xolis sud tizimi orqali bo‘lishi mumkin. Prezidentlik boshqaruv tizimi sinovdan o‘tkazildi va u ishlamadi. Biz hech qachon umidsizlikka tushmaymiz. Umidsizlik mag‘lubiyat demakdir. Prezident Ekrem bizga qo‘shiladi. Ishoning, turk millati buni ilgari ham amalga oshirgan”, dedi Mansur Yavash namoyishchilar oldida so‘zga chiqib.

U, shuningdek, muxolifat adolatsizlik qarshisida jim turgan “tilsiz shaytonlar” qatoriga kirmasligini ta’kidladi.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Mansur Yavash Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing