Angrenda voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlarga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

2025 yil yozda Toshkent viloyatining Angren shahrida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 yigit tomonidan zo‘rlangani jamiyatda katta rezonans uyg‘otib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, aybdorlarga hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bugun, 13 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudida S. Q. (2006 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan), Z. U. (2004 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan), D. O‘. (2004 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan) va A. U. (2003 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq, S. Q., Z. U., D. O‘. va A. U. voyaga yetmagan S. Ya. (qiz bola, 2010 yilda tug‘ilgan)ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 3-qismi “a” bandi, 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 3-qismi “a” bandi, 28,118-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,119-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan.

  • S. Q. (jinoyat sodir etilgan vaqtda voyaga yetmagan)ga 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 85-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish)ga asosan 10 yil;
  • Z. U.ga 118-moddasi 3-qismi “a” bandi, 119-moddasi 3-qismi “a” bandi, 28,118-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,119-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 12 yil;
  • D. O‘.ga 118-moddasi 3-qismi “a” bandi va 119-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 10 yil 6 oy;
  • A. U. (II guruh nogironi)ga 118-moddasi 3-qismi “a” bandi va 119-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, dastlabki tergov va sud jarayonida voyaga yetmagan jabrlanuvchi S.Ya. bilan bog‘liq tergov va sud harakatlarni olib borishda bolaning qo‘shimcha stress va ruhiy travma olishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda malakali pedagog va psixolog ishtirokini ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, jinoyat ishi yurituvi davomida jabrlanuvchi qizga Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida doimiy ravishda psixolog ko‘mak ta’minlangan (hozirda bolaning psixologik-emotsional holati nisbatan barqarorlashgan). Shuningdek, Bolalar ombudsmani mazkur jinoyat ishining sudda ko‘rilishi bosqichida bevosita ishtirok etgan.

Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra, S.Ya.ning onasi o‘z ota-onalik majburiyatlarini muttasil ravishda bajarmaganligi tufayli tegishli tartibda onalik huquqidan mahrum etilib, bolaning qonuniy vakili sifatida sud jarayonida vasiylik organi – “Inson” markazi mas’ullari qatnashgan.

Mazkur holat yuzasidan 2025 yilning 9 aprel kuni Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova 24 iyul kuni Angrenga borib, jabrlangan qiz bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangandi. Qizga nisbatan jinsiy tajovuz bo‘lganidan so‘ng u Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga ko‘chirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

jinsiy zo'ravonlik Angren Nomusga tegish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing