Angrenda dahshatli “avariya” sodir bo‘ldi (video)

3-sahifa

image

Bugun, 7 sentyabr kuni soat 12:20 larda Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 “Toshkent-O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lida bir nechta transport vositalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. 

Bildirilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. 

“Jarayon Toshkent viloyati IIBB va boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan”, deyiladi xabarda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda voqea neft ortilgan yuk mashinasi va yana boshqa bir yuk mashinasi o‘rtasida sodir bo‘lgani aytiladi. Tarmoqlardagi videoda hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqqanini ko‘rish mumkin. Halok bo‘lganlar soni ham turlicha talqin qilinmoqda. Norasmiy xabarlarga ko‘ra, 5 dan ko‘p va 10 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Rasmiylar esa hozircha jim. 

“Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasiga ko‘ra, Toshkent–Ohangaron–Angren–Qo‘qon–Shahrixon–Andijon avtomobil yo‘lining 93-94-kilometrlar oralig‘ining “Toshkent–Vodiy” va “Vodiy–Toshkent” yo‘nalishida tirbandlik yuzaga kelgan. Korxona ushbu tirbandlik qanday yuzaga kelganini ochiqlamagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Qamchiq” dovonida sodir bo‘lgan ikkita yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Angren Qamchiq Toshkent-O'sh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing