Andijondagi fojia: Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz Yo‘ldoshev va Bobojonovga murojaat yo‘lladi
Jamiyat
−
15 iyun 2020
16489Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Andijonda yuz bergan shafqatsizlikka munosabat bildirdi va uni qoralab chiqdi.
“Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan fuqaro A.Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgani va vrachlar tomonidan ko‘zdan kechirish davomida uning badanida og‘ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangani, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, 11 iyun kuni vafot etgani bilan bog‘liq holatni qat’iy qoralaydi.
Marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Mas’ul vazirlik va tashkilotlardan kelajakda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini talab qilamiz.
Bu fojiali holat haqida OAV va Internetda xabar tarqalgani zahoti Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevga va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga rasmiy xat bilan murojaat qildi.
Bu qayg‘uli holat avvalo navqiron bir insonning umriga zomin bo‘lgani va marhumning oila a’zolarini cheksiz motamu ayriliq g‘amiga duchor etgani bilan har birimizni aslo befarq qoldirmaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Andijon shahrida sodir bo‘lgan mazkur holat qat’iy nazoratga olingan. Biz adolat to‘liq qaror topishini, bunday fojealar boshqa takrorlanmasligini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, deyiladi markaz bayonotida.
Eslatib shtamiz, Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBning xodimlari fuqaro A.Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, uning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turgan. A.Abdukarimov sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va 11 iyun kuni vafot etgan.
Holat bo‘yicha dastlab ma’lumot bergan Bosh prokuratura IIBning uch nafar xodimiga nisbatan ayblov e’lon qilingani, ular qamoqqa olingani, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgandi.
Undan so‘ng, IIVning o‘zi bayonot bilan chiqdi. Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Husanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan. Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmanovdan tashqari, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko‘rinishdagi qat’iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan.
LiveBarchasi
26 noyabr