Andijonda YTHga uchragan obodonlashtirish xodimlari tunda majburan ishlatilgani tasdiqlandi
Jamiyat
−
11 may 2023
7382Andijon viloyati Marhamat tumanida obodonlashtirish xodimi tunda yo‘l-transport hodisasiga uchrab, vafot etgani haqida xabar berilgandi. Xodimlar ish vaqtidan tashqari ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek, dam olish kunlarida ma’muriy tarzda majburan ishlatib kelingani aniqlandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik inspeksiyasi ma’lum qildi.
Keltirilishicha, mazkur holat bo‘yicha tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, ushbu baxtsiz hodisa ishlab chiqarish bilan bog‘liq deb topilib, bu bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Sodir bo‘lgan avtohalokat oqibatida vafot etgan xodimning oila a’zolariga yetkazilgan zarar summasi – marhumaning o‘rtacha olti yillik ish xaqi, ya’ni 122 633 ming so‘m miqdoridagi bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa to‘lanadi.
Shuningdek, marhumaning turmush o‘rtog‘iga va 2 nafar farzandlariga 490 ming so‘mdan har oyda to‘lanadigan yetkazilgan zarar summasi to‘lanadi.
Ushbu sodir bo‘lgan avtohalokatda yana bir obodonlashtirish xodimi og‘ir tan jarohati olgandi. Uning davolanishi davomida kasallik varaqalari bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishi va to‘lanishini ta’minlash, mehnatga layoqatsizlik darajasi belgilanganda, uning o‘rtacha bir yillik ish xaqi 21 313 ming 772 so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa summasi va oyma-oy to‘lanadigan yetkazilgan zarar summasi hisoblandi.
“Yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida xodimlarning oila a’zolari, farzandlariga boquvchisining vafoti tufayli bir yo‘la nafaqa va oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar to‘lovlari Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi va buning ijrosi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan nazoratga olinadi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, maxsus tekshiruv yakuni bo‘yicha, barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda hududiy Ichki ishlar organiga yuborilishi ta’minlanadi.
LiveBarchasi