Andijonda o‘qituvchilar tungacha diskotekaga olib qolinishi ortidan XTV Prezident qarorini eslatdi
Jamiyat
−
14 fevral 2022
7609Maktablardagi kechki tadbirlarga pedagog xodimlar va o‘quvchilarni majburiy jalb etish taqiqlanadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikning qayd etishicha, so‘nggi kunlarda ayrim hududlarda o‘qituvchilarni maktab muassasalarida dars jarayonidan tashqari kechki vaqtlarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etilayotgani haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu sababdan XTV mazkur tadbirlar bo‘yicha izoh berdi.
Unga ko‘ra, maktablarda o‘qish jarayonidan tashqari vaqtlarda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar uyushmagan va ta’lim bilan band bo‘lmagan (18-30 yosh) yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ularni tashkil etishga Yoshlar ishlari agentligi, xususan mahallalardagi yoshlar yetakchilari mas’ul etib belgilangan.
“Bunda Xalq ta’limi vazirligiga maktab infratuzilmasidan (kutubxona, sport zal, kompyuter xonalari, tadbirlar zali) oqilona foydalanish hamda maktablarni mahalla uchun “ma’naviyat maskani”ga aylanishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Xalq ta’limi vazirligi barcha hududiy boshqarmalarga ushbu tadbirlarga maktab ma’muriyati, pedagog xodimlar va maktab o‘quvchilarini majburan jalb etilishi qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Qaroriga asosan, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini yana bir bor eslatib o‘tgan.
Mazkur qarorga ko‘ra, yuqoridagi talablarni buzgan Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Avvalroq, Andijonda o‘qituvchilar yarim kechasigacha olib qolinib, turli xil tadbirlarda qatnashishi talab qilinayotgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi