Andijonda sirli tunnel qaziganlar qamaldi (video)

3-sahifa

image

O‘tgan yilning mart oyida Andijon viloyati Xonobod shahri “A.Navoiy” MFY hududini Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi yashirin yerosti tunneli tashkil qilingani aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha 1 nafar Qirg‘iziston fuqarosi 6 yilga, 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dastlab 1986 yilda tug‘ilgan Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga umumiy bahosi 5 mlrd 954 mln so‘mlik 812 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, mamlakatdan esa qiymati 1 mlrd 558 mln so‘mga teng bo‘lgan 1 kg 734 gr nostandart quyma oltin buyumlarni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. 

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1971, 1979 va 1980 yillarda tug‘ilgan 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda mazkur yerosti yo‘lagi orqali olib o‘tilgan 2 mlrd 839 mln so‘mlik jami 1380 dona mobil telefon apparatlari, 32 dona quloqchinlar, 920 dona adapterlar, 338 dona USB-S kabellar, 40 dona quvvatlagichlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Yerosti tunneli 18-20 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, uning kengligi 60-70 santimetrni, balandligi 170-180 santimetrni, uzunligi esa 300-350 metrni tashkil qiladi. 

Olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu uyushgan jinoiy guruhga 1983 yilda tug‘ilgan Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi rahbarlik qilgani aniqlanib, u tomonidan guruh a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan. Hozirda unga nisbatan ham alohida jinoyat ishi olib borilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan 1986 yilda tug‘ilgan Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi Jinoyat Kodeksning 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6 yil muddatga, 3 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari esa Jinoyat Kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biri 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 

“Sud hukmiga muvofiq, ulardan olingan tovar-moddiy boyliklar hamda Xonobod shahri A.Navoiy MFYdagi xonadon undagi “yerosti tunneli” ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilinib, davlat foydasiga musodara qilindi”, deyiladi xabarda. 

Bundan tashqari, 1984 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining Xonobod shahar “A.Navoiy” MFYdagi xonadonida aniqlangan ikkinchi yerosti tunneli ham sud hukmiga muvofiq, tegishli tartibda yo‘q qilinib, mazkur uy hamda ashyoviy dalil sifatida olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilingan. Qonunbuzarga nisbatan esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Tergov jarayonida, ushbu yerosti tunnellari orqali Qirg‘iz Respublikasidan olib o‘tilgan turli rusumdagi mobil telefon apparatlari Andijon va Toshkent shaharlaridagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilganligi aniqlanib, hozirda mazkur yo‘nalishda tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida 450 metrlik neft mahsulotlarini kontrabanda qilish uchun mo‘ljallangan tunnel yo‘q qilingandi. Mazkur tunnel orqali har kuni 5-7 tonna neft mahsulotlari noqonuniy olib o‘tilgan. Ushbu noqonuniy faoliyat taxminan ikki oy davom etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jalolobod Andijon Xonobod Qirg'iz Respublikasi sirli tunnel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing