Andijonda poraxo‘r elektr muhandislari ushlandi
3-sahifa
−
19 Sentabr
4915Andijon viloyatida tadbirkorning 20 mln so‘mini qo‘lga kiritgan elektr tarmoqlari korxonasi muhandislari ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Xo‘jaobod tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Sh.V. “X.T.” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish oshxonasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi holati bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani yo‘q qilib berishi evaziga korxona rahbari X.T.ning 20 mln so‘mini olgan vaqtida ushlangan.
Uning ko‘rsatuviga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ filiali ma’muriy binosi oldida davom etgan tadbirda, Xo‘jaobod ETKning yana bir muhandisi A.A. muhandis Sh.V.dan 20 mln so‘mni olib, shundan 5 mln so‘mini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 745,3 mln so‘mlik elektr o‘g‘irlagan fermer xo‘jaliklari aniqlangandi.