Andijonda noqonuniy ishi uchun 34 ming dollar olgan advokat qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida fuqarolarni javobgarlikka tortmaslik va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 25 ming AQSH dollari talab qilgan advokat ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati Bo‘ston tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining advokat stajyori hamda 1984 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zaro kelishgan holda o‘zganing nomida bo‘lgan 34 sotix noturar yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turarjoy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 34 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mansabdor shaxslariga nisbatan Bektemir tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 184-(Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-(Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar fuqaroni javobgarlikka tortmaslik va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 25 ming AQSH dollari talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu pul mablag‘ini advokatning ko‘rsatmasiga asosan uning 1987 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan tanishi olgan vaqtida ushlangan.

Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa Peshku tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati 2024 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha mazkur tuman sudi tomonidan sudlangan fuqaroga oid ishni kassatsiya instansiyasida ko‘rilishi jarayonida unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish masalasini sud tizimidagi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 12 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosining muqaddam sudlangan ishchisi Shayxontohur tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan, Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) bilan poytaxtdagi SPA-salonlardan birining boshqaruvchisiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tanishlari orqali tergov jarayonida tugatishga ko‘maklashish evaziga o‘zining 1993 yilda tug‘ilgan tanishi orqali 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida advokatlik byurosi ishchisi ushbu masalani o‘zi ishlayotgan advokatlik byurosi advokati orqali hal qilib berishni rejalashtirganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va byuro advokati ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, advokatlik byurosi ishchisi SPA-salon boshqaruvchisidan muqaddam 4500 AQSH dollari olganligi ham ma’lum bo‘lgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida kadastr bo‘limi boshlig‘i 6 ming dollar pora bilan ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon advokat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing