Andijonda niqobli shaxslar Cobalt’ga hujum qildi (video)
3-sahifa
−
29 noyabr
8592Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida niqob taqib olib, davlat raqam belgisi bo‘lmagan avtomashinadagi shaxslar yo‘l chetida to‘xtab turgan boshqa bir mashinaga tosh otib hujum qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat joriy yilning 20 noyabr kuni fuqaro Yu.D. va boshqalar tomonidan sodir etilgan. Ular oldindan jinoiy til biriktirib, fuqaro L.A. Cobalt rusumli avtomashinasida pul mablag‘larini tashish bilan shug‘ullanishini bilib, unga hujum qilgan.
Aniqlanishicha, ular Lacetti va Cobalt’ning davlat raqam belgilarini yechib olib, L.A.ning boshqaruvidagi Cobalt’ning orqasidan kuzatib kelgan. Ular yuzlariga niqob taqqan holda Andijon shahrining Yoyilma mahallasi A.Temur shox ko‘chasidan o‘tgan "Andijon-Asaka" yo‘nalishidagi transport qatnov yo‘lini "Andijon" yo‘nalishi bo‘yicha yo‘l chetida to‘xtab turgan L.A.ni avtomashinasiga tosh otib, hujum qilgan.
Biroq o‘sha vaqtda L.A. hodisa joyidan qochgani sababli Yu.D. va boshqalar jinoyatni o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmagan. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yu.D. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha IIO tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Viloyat prokuraturasi tomonidan ushbu jinoyat ishi ustidan prokuror nazorati o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Toshkent shahrining Yashnobod tumanida mahallaning ovloq joyida 2 nafar jabrlanuvchini do‘pposlab, 5 mln 500 ming so‘mlik iPhone rusumli telefoni, 700 AQSH dollari va 950 ming so‘m pullarini olib qo‘ygan hamda voqea joyida yashiringan kishilar qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi