Andijonda maktab direktori kech kelgan qizlarni jazo sifatida o‘tirib-turg‘izdi
3-sahifa
−
12 Sentabr
4061Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Andijon shahridagi 5-sonli maktabda darsga kechikib kelgan o‘quvchi qizlar o‘tirib-turish mashqi bilan jazolanayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat Bola huquqlari bo‘yicha vakilning nazoratiga olingan.
“Ta’limdagi tartib-qoidalardan chetga chiqib, o‘quvchilarga nisbatan turli jazolash usullarini qo‘llash hamda bolani ommaviy izza qilish uning sha’ni va qadr-qimmatini poymol etadi – bu bolaning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishdir. Bunday nomaqbul harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas”, deyiladi Bolalar ombudsmani munosabatida.
Videoda bir guruh o‘quvchi qizlarning maktab darvozasidan kirgan joylarida o‘tirib-turish mashqini bajarayotganini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning iyul oyida vazir buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”ga ko‘ra, o‘qituvchilar jamoa a’zolari va boshqalarning shaxsiyati, qadr-qimmati kamsitilishi, o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlaridan asossiz chiqarib yuborish yoki kiritmasligi hamda chiqish qo‘ng‘irog‘i chalingandan keyin o‘quvchilarni sinfxonada ushlab o‘tirishi ham mumkin emas.
O‘quvchilar ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzgan taqdirda ularning qog‘oz yoki elektron kundaligiga tanbeh yozilishi, qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda esa o‘quvchini maktab ichki nazorat ro‘yxatiga olish va yakka tartibda shug‘ullanish, bu ham foyda bermasa, qoida buzgan o‘quvchini boshqa sinfga o‘tkazish, sinf jamoasi orasida muhokama qilish, ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ni maktabga taklif qilish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmdagi maktabda o‘qituvchi boshlang‘ich sinf o‘quvchisini ayovsiz kaltaklagandi. Samarqand viloyatidagi maktabda esa direktor karta o‘ynagani, uning o‘rinbosari esa o‘quvchi qizni kaltaklagani xabar qilingandi. Ushbu hodisani sodir etgan direktor va uning o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi.