Andijonda qizining nomusiga tekkan yigitni o‘ldirgan ota 12 yilga “kesildi”
3-sahifa
−
16 dekabr 2021
21386Joriy yilning 1 noyabr kuni Andijon viloyati Jalaquduq tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida qizi bilan jinsiy aloqa qilgan yigitni o‘ldirgan Sh.A.ga hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov ma’lumot berdi.
Sud hukmida aytilishicha, Andijon shahrida yashovchi Sh.I. 2020 yilning 20 noyabr kuni Sh.A.ning o‘zi bilan oldindan tanish bo‘lgan 18 yashar qizi M.F. bilan jinsiy aloqada bo‘lgan.
Shundan so‘ng qizning otasi yigitning yaqinlari bilan qizini mahalla oldida to‘y qilib, yuzini yorug‘ qilib olib chiqib ketish xaqida kelishib olgan. Lekin oradan bir necha oylar o‘tgan bo‘lsa-da, Sh.I.ni uyidagilar sovchi bo‘lib kelmagan. Yigit aslida tog‘asi qaramog‘ida bo‘lgan. Negaki uning otasi oilani tashlab ketgan, onasi esa ko‘p yillardan beri Rossiyada bo‘lgan.
Bu ham yetmaganidek, Sh.I. qizni urib ko‘zlarini ko‘kartirib uyga kirgazib yuborganidan xabardor bo‘lgan ota qattiq g‘azablanib, qiziga yigitni uyga chaqirishini, u bilan to‘y haqida gaplashib olishini aytgan.
Joriy yilning 17 may kuni soat 17:40 atrofida yigit qizning uyiga kelgan. Ota yigitdan qizini nima sababdan urganini so‘raganida, u qizni boshqa bir yigit bilan telefonda gaplashgani sababli urganini aytgan. Keyin esa ota Sh.I.dan qachon to‘y qilib, qizini nikohiga olishini so‘ragan.
Yigit to‘y qilish uchun puli yo‘qligini, qiziga uylanolmasligini, qizi bilan jinsiy aloqada bo‘lgan holatni telefoniga tasvirga olganini, videotasvirni internetga chiqarib, uni va oilasini sharmanda qilib, mahallada yura olmaydigan qilib yuborishini aytib po‘pisa qilganida, ota g‘azablanib, uni gaplaridan o‘zini tuta olmasdan, stol ustida turgan chinni choynakni olib, Sh.I.ning yuz qismiga urgan. Yigitning yuzasi qonay boshlagan.
Shundan so‘ng uning yuziga chap va o‘ng qo‘li bilan bir necha marotaba zarba berib, hunarmandchilik pichog‘i bilan tanasining turli qismlariga yengil tan jarohati yetkazgan. Yigit yotib qolganida, ota tashqaridan sim olib kirib uni bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, Sh.A. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni o‘tash muddati 2021 yil 18 may kunidan boshlab hisoblanishi va umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.