Andijonda qarzdor va uning onasi suv ta’minoti korxonasi xodimini kaltakladi

Jamiyat

image

Andijon viloyati Izboskan tumanida suv ta’minoti korxonasi xodimi qarzdor iste’molchilar tomonidan kaltaklandi. Bu haqda “Andijon suv ta’minoti” matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 23 may kuni “Andijon suv ta’minoti” Izboskan tumani filiali xodimi Abdulboqi Saidmurodov iste’molchilar tomonidan yuzaga kelgan qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida manzillarda faoliyat olib borishga jalb etilgan. Jarayon davomida u filial huquqshunosi tomonidan chiqarilgan talabnomalarni qarzdor iste’molchilarga tarqatish bilan shug‘ullangan.

Jumladan, “Yangi avlod” MFYning Oqshom ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Q.A.ga ham foydalanilgan toza ichimlik suvidan 625 ming so‘m miqdorida qarzdor ekanligini ogohlantiruvchi talabnoma yetkazib berilgan. Fuqaro esa bunga javoban xodimni kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgan.

“Bizga mana shuncha qarzdorlikni sen chiqargansan, deb meni “klyuch” bilan solib o‘tiribdi-da. Onasi supurgi bilan, o‘g‘li mashina “klyuch”i bilan urib, menga tan jarohati yetkazdi. Buni orasida burnim sinib, shifoxonaga yotqizishdi,  3-4 kun “bolnitsa”da yotib chiqdim”, deydi xodim.

Xabarda aytilishicha, yuqoridagi mahallada 112 575 nafar iste’molchi mavjud bo‘lib, ulardan bir oyda undirilishi kerak bo‘lgan to‘lov miqdori 380 million so‘mdan iborat. Biroq bu ko‘rsatkich amalda 135–140 million so‘mni tashkil etmoqda.

Izboskan tumanida yuzaga kelgan holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

suv Andijon

Baholaganlar

269

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing