Andijonda ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimi joriy qilindi

Jamiyat

image

Andijonda yangi tartibdagi uy-joy qurishga ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimi joriy qilinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tomonidan kecha, 21 sentyabr kuni qabul qilingan “Yangi tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimini joriy qilish to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi. 

Qarorga ko‘ra, tajriba tariqasida Andijon viloyatining Andijon shahri, Qo‘rg‘ontepa va Shahrixon tumanlarida “Ipotekabank” ATIB va “Qishloq qurilish bank” ATBlar tomonidan aholiga ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha quyidagilarga ruxsat beriladi: 

•    mijozning tanloviga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish uchun ipoteka krediti qarz oluvchining plastik kartochkasiga bosqichma-bosqich o‘tkazish yo‘li bilan ajratilishiga; 

•    qurilish davri uchun 6 oy imtiyozli davr belgilanishiga; 

•    daromadlari to‘g‘risida kamida oxirgi 3 oy uchun ish joyidan berilgan ma’lumotnomalar, ish beruvchi tomonidan berilgan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiya to‘lovlari, foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan doimiy tarzdagi daromadlar davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan jismoniy shaxslarning daromadlari bo‘yicha deklaratsiyalar bilan birga va xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali kelib tushgan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa daromadlarni qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) kreditga layoqatliligini hisoblashda inobatga olishga; 

•    kreditning maqsadli ishlatilishini bank va qarz oluvchi o‘rtasida dastlab imzolangan uy-joy qurilishini bajarish reja-jadvali asosida bajarilgan ishlar sifatida qabul qilishga;

•    kredit ajratish uchun yakka tartibdagi uy-joylarning tegishli loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda asosiy turdagi qurilish materiallari qiymati asos sifatida qabul qilinishiga; 

•    yakka tartibdagi uy-joylarning moliyaviy smeta hisob-kitobining 10 foizi miqdorida boshlang‘ich badal sifatida qarz oluvchining mablag‘lari, mavjud qurilish materiallari, ishchi kuchi va bajarilgan qurilish-montaj ishlari qabul qilinishiga.


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi qarori Andijon Ipoteka krediti

Baholaganlar

121

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing