Andijonda gaz hisoblagich o‘rnatilganidan 2,5 soat o‘tib portladi. “Hududgazta’minot” holatga izoh berdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 24 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi favqulodda holat to‘g‘risida xabar tarqaldi. Unda yangi o‘rnatilgan aqlli gaz hisoblagichi oradan 2,5 soatda portlagani aytilgan.

“Bu "Texnopark” MCHJning “aqlli” gaz hisoblagichi. O‘rnatilgandan 2,5 soat o‘tgach portladi. Yaxshiyamki hech kim zarar ko‘rmagan. Agar portlash natiijasida parcha ko‘zga tushganda-chi? Agar gaz sizishi sababli katta portlash yuz berganda-chi?”, degan xabarni qoldirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi.

Mazkur holat yuzasidan “Hududgazta’minot” AJ rasmiy munosabat bildirdi. 

Unga ko‘ra, “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, haqiqatan ham, Andijon shahridagi "Shimoliy kichik daha" kichik nohiyasidagi 77-uyning 15-xonadonida gaz tarmoqlari va qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida, favqulodda texnogen hodisa ro‘y bergan. 

Dastlabki talqinga ko‘ra, o‘lchash moslamasining ichida gaz-havo aralashmasidan chaqnash paydo bo‘lishi, uni ishdan chiqishiga olib kelgan.

“Gaz uskunalari va gaz tarmog‘i ichidagi gaz-havo aralashmasining paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri, bu gaz hisoblagich o‘rnatilishidan avval, xususan, qo‘shni xonadonlardagi gaz tarmoqlari uchun mo‘ljallanmagan rezina shlangni ulash natijasida (uchta xonadonda mavjudligi aniqlandi) gaz quvuriga atmosfera havosining kirishidir. Hisoblagich tarmoqdagi yuqori bosimdan ishdan chiqqan degan talqin haqiqatga mos kelmaydi. Barcha tafsilotlar maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur favqulodda holat natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Avvalroq, 2021 yilning 1 avgustiga qadar butun respublika shunday gaz hisoblagichlar bilan ta’minlanishi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

gaz hisoblagich

Baholaganlar

263

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing