O‘zbekistonda 2021 yil 1 avgustigacha avtomatlashtirilgan gaz hisoblagichlar to‘liq o‘rnatiladi — Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 iyundagi “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6010-son Farmonining ijrosini ta’minlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini takomillashtirish, yo‘qotishlarni bartaraf etish, shuningdek, iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlash maqsadida:

1. “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) amalga oshirish doirasida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasida belgilangan tartibda o‘tkazilgan

tender natijalariga muvofiq “Texnopark” MCHJ bilan elektron gaz hisoblagichlari va zarur bo‘lgan uskunalarni yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Loyihani amalga oshirish:

a) quyidagi asosiy yo‘nalishlar asosida jadallashtirilsin:

tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini (keyingi o‘rinlarda – Tizim) “ishlab chiqarish – gaz taqsimlash stansiyasi – tuman (shahar) chegarasi – yirik uchastkalar kirish qismi – iste’molchi” prinsipi asosida butun tarmoq bo‘yicha joriy qilish;

hisoblagichlarni birinchi navbatda aholining tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga o‘rnatish, shuningdek, yirik iste’molchilar va tadbirkorlik sub’ektlarini ularning hisobidan Tizimga ulash;

aholi yashash punktlarida barcha iste’molchilarning (maishiy, sanoat va byudjet) hisoblagichlarini hamda yirik uchastkalar kirish qismidagi hisoblagichlarni bir vaqtning o‘zida o‘rnatish va Tizimga ulash hamda tarmoqdagi yo‘qotishlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish;

hisoblagichlarni o‘rnatish va Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish orqali joylardagi barcha xodimlarning ko‘nikma va malakasini oshirish;

b) quyidagi tartibda tashkil etilsin:

“Hududgazta’minot” AJ mablag‘lari evaziga 2020 yil 1 oktyabrga qadar QibrayZangiota va Toshkent tumanlarida Tizimni o‘rnatish;

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan kredit mablag‘lari evaziga 2021 yil 1 fevralga qadar O‘rta Chirchiq, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l va Karmana tumanlari hamda Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland bo‘lgan hududlarda Tizimni o‘rnatish;

2021 yil 1 avgustga qadar respublikaning boshqa hududlarida iste’molchilarga zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatib, Tizimni to‘liq joriy etish;

ikki oy muddatda yirik iste’molchilar, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini, 2020 yil yakuniga qadar qolgan tadbirkorlik sub’ektlarini ularning o‘z mablag‘lari hisobidan hamda 2021 yil 1 mayga qadar ijtimoiy soha ob’ektlarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Tizimga ulanishini ta’minlash.

3. Loyihani moliyalashtirish va 2021 yil 1 avgustga qadar amalga oshirish uchun:

a) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 1 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 4 yil muddatda qaytarish sharti bilan, 6 oylik LIBOR plyus 3 foiz yillik stavkada, imtiyozli davrda asosiy qarz bo‘yicha hisoblangan foizlar kapitalizatsiya qilinishi hisobga olinib, 150 million AQSH dollari miqdoridagi krediti jalb qilinsin;

b) quyidagilar jalb qilinishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:

“O‘zsanoatqurilishbank” ATBning 27,5 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi krediti;

elektron gaz hisoblagichlarini yig‘ish uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarini Italiyadan xarid qilishga yo‘naltiriladigan Italiyaning “SACE” davlat eksport-kredit agentligining sug‘urta qoplamasi ostida xorijiy tijorat banklari krediti;

Loyihaning mahalliy xarajatlarini qoplash uchun birinchi o‘rinda respublika jamg‘armalari va mahalliy tijorat banklarining mablag‘lari va zaruratga ko‘ra xorijiy moliyaviy tashkilotlar qarz mablag‘lari.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Energetika vazirligi va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar Italiyaning “SACE” davlat eksport-kredit agentligi va xorijiy moliyaviy tashkilotlar bilan muzokaralar yakunlanishini hamda zarur miqdordagi mablag‘lar jalb qilinishini ta’minlasin.

Moliya vaziriga “Hududgazta’minot” AJning Loyiha doirasida ta’minot bo‘yicha moliya tashkilotlari, jamg‘armalar va banklar oldidagi majburiyatlari yuzasidan tegishli kredit shartnomalarining talablari asosida O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini berish vakolati taqdim etilsin.

4. Quyidagilar:

Loyiha doirasida elektron gaz hisoblagichlarini yetkazib berish va o‘rnatish grafiklari 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda Tizimni joriy qilish grafigi 3-ilovaga muvofiq;

tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarning yirik uchastkalari kirish qismiga elektron gaz hisoblagichlarini 2020 yilda o‘rnatish grafigi 4-ilovaga muvofiq;

tabiiy gaz ulgurji iste’molchilarining Loyiha ma’lumotlar bazasiga ulanish grafigi 5-ilovaga muvofiq;

tabiiy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish hamda Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha 2020 yil oktyabr oyida o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlar grafigi 6-ilovaga muvofiq;

Tizimni joriy etishni tashkillashtirish bo‘yicha ishchi guruhining namunaviy tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Tizimni joriy etishni tashkillashtirish bo‘yicha ishchi guruhlari:

bir hafta muddatda hisoblagichlarni o‘rnatish va Tizimga ulash ishlarini tashkillashtirishga mahalla raislari va nozirlarini jalb qilish hamda tizimli ravishda aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borishни tashkil qilsin;

hisoblagichlar o‘rnatilgan xonadonlarda ishlatilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va yuzaga kelgan qarzdorliklarni undirish ishlarini tizimli tashkil qilsin;

hududda Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish, o‘rnatilgan hisoblagichlarga servis xizmatlari ko‘rsatish ishlarini tashkil qilsin;

Tizimni joriy etish bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatsin;

amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini har haftada tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida hamda har oyda viloyat darajasida eshitishni tashkillashtirsin.

6. Tizim joriy etilishini nazorat qilish, natijadorligini o‘rganish va tahlil qilish komissiyasi 8-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Quyidagilar mazkur komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Tizim joriy etilishi yuzasidan nazorat o‘rnatish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish;

Tizimni joriy etishni tashkillashtirish bo‘yicha ishchi guruhlarining ishlari natijadorligini, debitor qarzdorlikni kamaytirish va noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish samaradorligini baholash, ushbu yo‘nalishlarda mas’ul rahbarlarning lavozimga loyiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

7. Vazirlar Mahkamasi Hisob palatasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab ushbu qarorga 3-ilovada nazarda tutilgan hududlarda aholiga sotilgan tabiiy gaz bo‘yicha qo‘shimcha tushumlarning bir qismini “Hududgazta’minot” AJning har bir hudud kesimida maxsus hisob raqamlarida jamg‘arish hamda mazkur mablag‘lar hisobidan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan jalb qilingan kredit mablag‘larini qaytarish tartibini joriy qilsin.

8. Hisob palatasi tuzilmasida xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida 5 nafar shtat birligidan iborat Elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarining joriy etilishini hamda hisob-kitoblar holatini monitoring qilish sho‘’basi tashkil etilsin.

Hisob palatasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

ta’minotchi korxonalarning taqsimlash tarmoqlarida elektr energiyasi va tabiiy gaz yo‘qotishlarining o‘zgarishini tahlil qilish;

elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish holati, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli, o‘zaro hisob-kitoblar va mavjud debitor-kreditor qarzdorliklarining tahlili va monitoringini olib borish, ushbu yo‘nalishlarda tegishli choralar ko‘rib borish;

maxsus hisob raqamlarga pul tushumlari, ularning maqsadli sarflanishi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari to‘liq va o‘z vaqtida qaytarilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish.

9. “Hududgazta’minot” AJ:

2021 yil 1 yanvardan boshlab tabiiy gaz hisobini to‘liq yo‘lga qo‘yish, to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirishni ta’minlash, Tizim orqali aniqlangan xatolarni tezkorlik bilan joyiga chiqib, o‘rganish va bartaraf qilish ishlarini tizimli tashkillashtirishni;

Loyiha doirasida ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishni hamda belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni;

tabiiy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish va Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha mazkur qarorga 6-ilovadagi grafik asosida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini tashkil etib, joylardagi barcha xodimlarning ko‘nikma va malakasini oshirishni;

har bir tuman va shaharda hisoblagich o‘rnatish guruhlarini shakllantirish, ehtiyojga ko‘ra, tumanlararo mobil o‘rnatish guruhlarini tashkillashtirib, grafik asosida hududlarga jalb qilishni yo‘lga qo‘yishni;

hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan Loyiha doirasida tabiiy gaz hisoblagichlarining iste’molchilarga o‘rnatilishida belgilangan tartibga qat’iy rioya etilishini va iste’molchilar huquqlari buzilishining oldini olishni;

mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar doirasida belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni;

mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishining ekspertizasini yakunlab, 2020 yil 1 dekabrga qadar tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishni;

2021 yil 1 iyunga qadar Tizim bilan muvofiqlikda ishlovchi zamonaviy billing tizimi yaratilishini;

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda tuman va shaharlar kesimida elektron gaz hisoblagichlari o‘z vaqtida yetkazib berilishini, shuningdek, har bir hududda hisoblagich va boshqa uskunalarni ta’mirlash va ularga servis xizmatini ko‘rsatish shoxobchalari tashkil qilinishini ta’minlasin.

10. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda iste’molchilarning “Hududgazta’minot” AJ oldidagi iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorliklarini undirish grafigini ishlab chiqib, uni amalga oshirish choralarini ko‘rib borsin.

11. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Loyihani moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditni so‘ndirish hamda ushbu kredit bo‘yicha foiz va komissiyalarni to‘lashning prognoz jadvali 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Energetika vazirligi Loyiha doirasida:

“Hududgazta’minot” AJga ajratiladigan qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish;

tabiiy gaz hisobini yuritish;

aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz yo‘qotishlarini bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirilgan natijadorlikni ta’minlash;

to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq miqdorlarda undirilishini ta’minlash ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.

13. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi ikki hafta muddatda:

“Hududgazta’minot” AJning Loyiha bo‘yicha majburiyatlarini hisobga olgan holda tabiiy gazni sotib olish narxlarini va tabiiy gazni sotishdan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibini qayta ko‘rib chiqib, tasdiqlasin;

respublikadagi issiqlik ta’minoti korxonalarining pul mablag‘lari taqsimoti tartibini “Hududgazta’minot” AJ oldidagi yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun mavjud qarzdorlikni so‘ndirishni hisobga olgan holda ishlab chiqib, tasdiqlasin.

14. “Hududgazta’minot” AJga Loyiha amalga oshirilishida, istisno tariqasida, uning texnik-iqtisodiy asoslanishi tasdiqlanguniga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tgan import shartnomalari, shuningdek, mahalliy pudratchi va ta’minotchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha moliyalashtirishga ruxsat berilsin.

15. Belgilab qo‘yilsinki:

Energetika vazirligi Loyiha o‘z vaqtida amalga oshirilishiga mas’ul ijrochi organ hisoblanadi;

“Hududgazta’minot” AJ Loyiha doirasida jalb etilayotgan kreditlar bo‘yicha qarz oluvchi hisoblanadi, u asosiy qarzni to‘laydi, tegishli mablag‘lar hisobidan foizlar, komissiyalar va kreditlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqa xarajatlarni qoplaydi hamda jalb etiladigan qarz va kredit mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul hisoblanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat hokimliklari “Hududgazta’minot” AJ bilan hamkorlikda mazkur qarorga 3 va 4-ilovalarga muvofiq elektron gaz hisoblagichlarining to‘liq o‘rnatilishini ta’minlaydi;

ushbu qarorga 5-ilovada belgilangan muddatlardan so‘ng ulgurji iste’molchilar bilan shartnomaviy munosabatlarga ma’lumotlarning Tizimga faqat onlayn tarzda uzatilishi ta’minlangan holda yo‘l qo‘yiladi.

16. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Hududgazta’minot” AJ bilan birgalikda:

ikki hafta muddatda Tizim o‘rnatiladigan hududlarda aloqa va Internet qamrovi bilan ta’minlanganlik hamda aloqa sifati texnik talablarga mosligi darajasini o‘rgansin;

bir oy muddatda barcha hududlarni aloqa va Internet qamrovi bilan 2020 yil yakuniga qadar ta’minlash hamda aloqa sifatini texnik talablarga moslashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini ta’minlab borsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari B.T.Turabov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 24 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

gaz hisoblagich

Baholaganlar

34

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing