Andijonda fuqarolar IIB xodimlari bilan mushtlashdi (video)
Jamiyat
−
15 aprel 2023
13880Andijon viloyati Shahrixon tumanida fuqarolar Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan mushtlashdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 13 aprel kuni Shahrixon tumani “Quruqsoy”mahallasida yuz bergan. Tuman Ichki ishlar boshqarmasining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor, mayor S.K. xizmat olib borayotgan vaqtida mazkur mahalla hududidan 2004 yilda tug‘ilgan Sh.Sh. Labo rusumli avtomashinada yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, harakatlangan.
Bundan tashqari, u o‘zi bilan ikki nafar 2006 va 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalarni transportning yukxonasida olib ketayotganligi sabab inspektor uni to‘xtatgan. Ammo avtomashina haydovchisi bolalarni yukxonadan tushirib, o‘zi voqea joyidan yashiringan.
Shundan so‘ng holatni rasmiylashtirish maqsadida inspektor voyaga yetmagan bolalar bilan IIB binosida suhbatlashgan. O‘sha vaqtda Labo haydovchisi Sh.Sh., uning akasi 1992 yilda tug‘ilgan B.Sh. va tanishi J.B.lar kelib, avtomashinaga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llamaslikni, avtomashinani jarima maydoniga joylashtirilishi go‘yoki uning tadbirkorlik faoliyatiga zarar yetkazishini vaj qilib, xodimlarning harakatlariga keskin qarshilik ko‘rsatgan.
Shuningdek, xizmat olib borayotgan xodimlarni haqorat qilib, ular bilan janjal uyushtirib, mayor S.K.ga tan jarohatlari yetkazgan.
Oqibatda mayor S.K.ga bosh yumshoq to‘qimalari, chap yelka ichki yuzasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘karishi, milk yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Haydovchining akasi B.Sh.da bo‘yin old qismida shilinma jarohati mavjudligi aniqlangan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Labo haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Voqea ishtirokchilari Sh.Sh., B.Sh. va J.B.larga esa MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani aytilgan.
LiveBarchasi