Andijonda “Deadpool” nomli yirik narkodo‘kon a’zolari ushlandi (video)

3-sahifa

image

Joriy yilning avgust-sentyabr oylarida bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar natijasida 2017 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelayotgan, 4000 nafar faol obunachisi bo‘lgan “Deadpool” nomli Markaziy Osiyodagi yirik Telegram narkodo‘konining yirik tarqatuvchilari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 31 avgust kuni Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar xodimlari bilan hamkorlikda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Qirg‘izistondan O‘zbekiston hududiga Deadpool narkodo‘kon kuratori Uorren Baffett topshirig‘i asosida Qirg‘izistondagi narkodo‘kon ishchisi ombor mudiri tomonidan uloqtirilgan ikki bo‘lakda ko‘k rangli “skotch”larga o‘ralgan 602 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasini O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi qabul qilib olayotganida qo‘lga olingan. Surushtiruv davomida ushbu shaxs 2023 yildan buyon narkodo‘kon ishchisi ekani, yiliga o‘rtacha 20 kilogramm yoki 100 000 doza, so‘nggi uch yilda jami 50 kilogramm yoki 250 000 doza sintetik narkotiklar tarqatganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 10 sentyabr kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida nazorat ostida yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Tadbirda 2 nafar fuqaro Deadpool narkodo‘kon kuratori Uorren Baffett topshirig‘iga asosan Rossiyadagi narkodo‘kon ishchisi ombor mudiri tomonidan berib yuborilgan, muqaddam Toshkent viloyatida joylashgan Navoiy chegara bojxona postida aniqlangan akkumulyator ichiga xufiyona yashirilgan 20 dona qora izolentaga o‘ralgan 492,2 gramm klefedron sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olayotganlarida qo‘lga olingan. Surishtiruv jarayonida ushbu ikki nafar shaxs olti oydan buyon narkodo‘kon ishchisi ekani, har biri oyiga o‘rtacha 0,5 kilogramm yoki 2500 doza, olti oyda esa 2,5 kilogramm yoki 12 500 doza sintetik narkotiklar tarqatganliklarini ma’lum qilgan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yirik tarqatuvchi shaxslarning har birida kamida 10 nafardan ortiq “zakladchik”lari, ya’ni mayda tarqatuvchilari bo‘lib, ular tomonidan tarqatish va ko‘mish nuqtalari sifatida Toshkent shahrining Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Bektemir va Toshkent viloyatining Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi istirohat bog‘lari va ta’lim muassasalari atroflari tanlab olingan. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida xonadonida umumiy qiymati 412 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlagan, shuningdek, Toshkent shahrida mashinasida 967 gr bo‘lgan “gashish” olib ketayotgan fuqaro ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Deadpool narkodo'kon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing