Andijonda ayollar Instagram’dagi haqorat ortidan janjal ko‘tardi (video)
3-sahifa
−
02 avgust 10398 2 daqiqa
Andijonda Instagram’dagi kelishmovchilik ortidan janjal ko‘targan 7 nafar ayol 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 30 iyul kuni soat 12:30 larda Andijon shahridagi 48-ko‘p qavatli uy hududida bir guruh ayollar o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal yuzasidan 102 qisqa raqami orqali ichki ishlar organlariga xabar kelib tushgan. Xabarga asosan voqea joyiga yetib borgan ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqarolar jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzib, o‘zaro baqir-chaqir qilib janjallashayotgani hamda atrofdagi fuqarolarning osoyishtaligini buzgani aniqlangan.
Shundan so‘ng holatga huquqiy baho berish va hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida ular ichki ishlar binosiga olib borilgan. Biroq u yerda ham ayrim fuqarolar xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zaro haqoratli va uyatli so‘zlar bilan janjalni davom ettirgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ayollar o‘rtasidagi janjalning kelib chiqishiga Instagram orqali boshlangan o‘zaro haqoratlar sabab bo‘lgani aniqlangan. Fuqarolarning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddasida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining qaroriga ko‘ra, mazkur huquqbuzarliklarni sodir etgan yetti nafar ayol aybdor deb topilib, ularning har biriga nisbatan besh sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
“2026 yil 30 iyul kuni to‘rt nafar o‘rtog‘im bilan janjallashib ketgan qizlarimizning oldiga bordik. Borganimizda urush bo‘lib ketib qoldi. Bo‘lgan holatlardan, qilgan ishimdan pushaymonman. Hech narsani deb janjallashish kerak emas. Qonun ustuvor, jazo muqarrar ekan”, deydi ayollardan biri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida qo‘shnilar o‘rtasidagi janjal ortidan bir fuqaro bir necha kishi tomonidan kaltaklangan edi.
Live
Barchasi