Andijonda alimentdan qochib yurgan ota shifer ortidan topildi (video)
3-sahifa
−
27 mart
11729Andijon viloyatida aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida shifer ortidan topildi. Bu haqda viloyat Majburiy ijro byurosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor B.D.dan undiruvchi G.M. foydasiga ikki nafar farzandi ta’minoti uchun aliment to‘lab borishi belgilangan. Biroq Byuro xodimlari tomonidan ogohlantirishlarga qaramasdan qarzdor farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlab kelgan va aliment qarzdorligi 26 mln so‘mga borib yetgan.
Qarzdorlikni undirish maqsadida bir necha marotaba qarzdorning yashash manziliga borilganda u yerdan topilmagani sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida qarzdor fuqaro o‘z hovlisining qurilishi tugallanmagan hududida shifer ortiga yashiringan holatda topilgan.
“Hozirda qarzdorga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi.
LiveBarchasi