“Andijon polkasi” tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi. Qurbon bor
3-sahifa
−
25 iyun 56280 2 daqiqa
Joriy yilning 23 iyun kuni Andijon viloyatida “Andijon polkasi” tadbiriga ketayotgan bir guruh o‘quvchilar yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Oqibatda 1 nafar o‘quvchi vafot etdi, qolganlari shifoxonada. Ushbu holat yuzasidan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 23 iyun kuni soat 12:30 larda, Asaka tumani “Dasturxonchi” MFY hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatiga molik A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 325-kilometrida 1987 yilda tug‘ilgan haydovchi T.X. o‘ziga tegishli bo‘lgan boshqaruvidagi Damas rusumli avtomobilini boshqarib ketayotib, svetafor bilan tartibga solingan chorrahadan o‘tayotganda chap tomonga qayrilgan. Shu vaqtda qarama-qarshi yo‘nalishda o‘z yo‘lida harakatlanib kelayotgan “Zil-138” rusumli yuk avtomobilini o‘tkazib yubormasdan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Ushbu YTH oqibatida Damas avtomobilida bo‘lgan yo‘lovchi 2011 yilda tug‘ilgan N.F. olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha tibbiy muolajalarga qaramasdan, u vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu hodisa keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
“Butun boshli bitta bola shu hokimlikni-yu Madaniyat vazirligini rekordini deb o‘lib ketaveradimi? 45 gradus issiqda bola bechoralarni tikka qilib, rekordga kirdim deb kayf qilganlar javob beradimi yo‘qmi?” deya savol qo‘ygan pedagog va jamoatchilik faoli Isroil Tillaboyev.
Bundan tashqari, iqtisodchi Otabek Bakirov Madaniyat vazirligini tanqid ostiga olgan.
“Ozodbek Nazarbekov qo‘shiq aytayapti. Buyoqda bolalar o‘lgan va jarohatlangan – xabar yo‘q, taassuf yo‘q, ta’ziya yo‘q. Bu yoqda Ozodbek Nazarbekov qo‘shiq aytayapti, Katta konsert. Mushakbozlik. Davom etaveringlar”, deya yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon shahridagi “Bobur arena” stadionida 20 ming nafar ishtirokchi bir vaqtning o‘zida “Andijon polkasi”ga raqsga tushgani va Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar berilgan edi. Qayd etish joiz, “Andijon polkasi” bundan oldin ham muhokama markaziga tushgandi. O‘shanda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov “o‘zini andijonlikman deb bilgan” hammaga polkaga o‘ynashni buyurgandi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust