Andijon davlat universitetida qariyb 40 mlrd so‘m “yeb yuborildi”
3-sahifa
−
11 Oktabr 2023
6828Andijon davlat universitetida stipendiya to‘lovlari orqali mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bu haqda Hisob palatasi ma’lum qildi.
28 ta davlat organlari va tashkilotlarining 115 turdagi ma’lumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilib, yagona “Masofaviy nazorat” markazi tashkil etildi.
Ushbu markaz onlayn va masofaviy tahlillar orqali davlat moliyasining ijrosi ustidan vertikal nazorat olib borish imkonini beradi.
Jumladan, markazda o‘tkazilgan so‘nggi masofaviy tahlillar jarayonida Hisob palatasi tomonidan Andijon davlat universitetida stipendiya to‘lovlari orqali mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish risklari aniqlandi.
Aniqlangan shubhali holatlar joyiga chiqqan holda tekshirilganida, jami 39,3 mlrd so‘m naqd pul mablag‘lari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan. Jumladan:
- kontrakt mablag‘lari hisobidan stipendiyasiz shaklda tahsil olgan 8 761 nafar talabaga 25,1 mlrd so‘m ortiqcha stipendiya hisoblanib, to‘lov qaydnomalari soxtalashtirilgan;
- talabalar tomonidan to‘langan 9,3 mlrd so‘m to‘lov-kontrakt summalari universitet hisob raqamiga kirim qilinmagan;
- talabalarga hisoblangan 2,7 mlrd so‘m rag‘batlantirish mablag‘lari tarqatilmasdan, ularning imzolari soxtalashtirilgan;
- byudjet mablag‘lari hisobidan 2 226 nafar talabaga bitta davr uchun ikki martadan 1,1 mlrd so‘m ortiqcha hisoblangan stipendiya o‘zlashtirilgan;
- talabalar yotoqxona ijarasidan tushgan 911,8 mln so‘mlik naqd pullar universitet hisob raqamiga kirim qilinmasidan noqonuniy o‘zlashtirilgan.
Bundan tashqari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid ravishda universitetga xizmat uyi xarid qilish uchun jismoniy shaxs bilan 2,5 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilib, shundan 300 mln so‘mi noto‘g‘ri o‘tkazilgan.
“Aniqlangan noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘lardan 5,1 mlrd so‘mi undirilishi ta’minlandi. Tekshirish yakuni bilan rasmiylashtirilgan hujjatlar to‘plami huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi