O‘g‘irla, ishlat, qaytar: lavozim egalarining qabih o‘yini

Tahlil

Hokim o‘rinbosari 50 ming dollar porani o‘z uyida olayotgan vaqtda ushlandi. Universitet rektori, bosh hisobchisi va yana 11 kishi 53 mlrd so‘m davlat mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi. Viloyat xazinasidagi 63 mlrd so‘mni yo‘q qilib yuborgan shahar hokimi va prokurori va yana 45 kishi sudlandi. 4 mlrd so‘mlik zarar bo‘yicha sudga da’vo kiritmaslik va tekshiruvlarni to‘xtatish evaziga fermerdan 10 sotixli dala hovlisini talab qilgan ekologiya boshqarmasi rahbari qo‘lga olindi. Qamoq muddatini kamaytirishni va’da qilib, 30 ming AQSH dollari olgan sudyaning o‘zi sudlandi. “Iya” deb yuborishga majbur qiladigan va katta raqamlar aylangan bu jinoyatlarni nima bog‘lab turadi deb o‘ylaysiz? Ularning barchasi Andijonda, shu yaqin bir necha yil ichida sodir bo‘lgan. Bugun viloyatdagi korrupsion jinoyatlarning ayrimlari haqida gaplashamiz.

Pora emas “qarz”

Andijon viloyati hokimining to‘rt oy avval tayinlangan o‘rinbosari Isomiddin Ismanov joriy yilning 4 aprelida o‘z uyida 50 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotganda qo‘lga olindi. U o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishini bitirib berishni va’da qilgan.

Aniqrog‘i Bobur shahri hududidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 20 sotix yer maydonini vakolatli mansabdor tanishlari orqali auksionga qo‘ydirib, so‘ngra yutib berish hamda mazkur fuqaro nomiga rasmiylashtirib, kelgusida bu joyda qurilish ishlarini amalga oshirishi uchun ruxsatnoma olib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilgan.

Yashirin kamera orqali yozib olingan kadrlardan ko‘rish mumkinki, sobiq amaldor pullarni qabul qilib olgach, tadbirkorga hammasi joyida bo‘lishini aytib, ayrim “nozik” jihatlarni eslatadi.

“Bunday narsalar qarz deyiladi, bilasiz-a?” — degan sobiq hokim o‘rinbosari.

Zo‘r-a…? Qarz deb qo‘yilar ekan bu narsa. Bu darajada o‘zini xotirjam tutishi “bunday ishlarda tajribasi katta shekilli” degan xulosani sizda ham paydo qilgandir. Rostdan ham agar avval pora oldi-berdi jarayonini ko‘rmagan odam, qanday qilib bu ishlar “qarz” deb atalib qo‘yilishini bilarkin? Yaxshi gumonda bo‘lamiz. Balki kimdandir eshitgandir. Qiziqarli tomoni Ismonov o‘tgan yilning 9 dekabrida o‘z lavozimiga tayinlangan, ya’ni ishga o‘tganiga hali 4 oy ham bo‘lmagan. Shu vaqtning o‘zida ishtaha karnay. Ishonch esa baland. Bu darajada xotirjamlik sababi ehtimol baquvvatroq sheriklarning borligidadir. Buni bilmaymiz. 

Yana bir muhim jihat shuki, sobiq hokim o‘rinbosari bu tizimga o‘tgunga qadar jinoyatlarga qarshi kurashgan. U 2006 yilda Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtini tamomlagan. 2022–2025 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i, 2025 yil may oyidan O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti, tezkor vaziyatni tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab, 2025 yil dekabr oyida kadrlarning amaldagi zaxirasiga o‘tkazilib, Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 

Ajoyib-a? 4 yil ichida jinoyatchilarga qarshi tizimdan chiqib, endi shu soha xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ammo “tez orada u ham jazodan qutulib qolmasmikin?” degan savol bugun faollarni o‘ylantirayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki, Andijon tajribasida 7 yilga qamalgan sobiq hokim o‘rinbosari muddatidan avval ozodlikka chiqqanini kuzatganmiz.

“O‘g‘irla, ishlat, tutib olishsa, qaytar va ozod bo‘l”

2024 yilning kuzida byudjet mablag‘larini talon-toroj va mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlari bo‘yicha qamoqqa olingan Andijon viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyev 2025 yilning oxirida ozodlikka chiqqani keng muhokama qilingandi. Apellyatsiya sudi uning ozod etilishini “yetkazilgan zarar qoplangani uchun” deya izohlagan.

O‘zi nima bo‘lgandi? Botirjon Hamroyev mahalliy hokimlik idorasi mansabdor shaxsi sifatida tadbirkorlarga ajratilayotgan imtiyozli kredit mablag‘larini faqatgina muayyan bir jamiyatga yo‘naltirish hamda kredit ajratilishini jadallashtirish borasida bankning mansabdor shaxslariga ko‘rsatmalar berib borgan. JIB Yunusobod tuman sudining 2025 yil 8 iyuldagi hukmi bilan Botirjon Hamroyev Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilgan hamda 3 yil mahalliy hokimiyat organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan. U bilan birga yana 28 nafar shaxs sudlangan.

Sud hukmiga nisbatan tuman prokurorining protesti va sudlanuvchilarning shikoyatlariga asosan jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilib, hukmning 24 nafar sudlanuvchiga tegishli qismlari o‘zgartirilgan. 2025 yil 26 dekabrda Botirjon Hamroyevga tayinlangan jazo jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirib borish sharti bilan 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga o‘zgartirilgan. Uning 2024 yil 12 oktyabrdan 2025 yil 26 dekabrgacha qamoqda saqlangan kunlarining har bir kuni axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirilgan holda chegirilib, tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosi o‘talgan, deb hisoblangan. Shu tariqa, Botirjon Hamroyevga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan darhol ozod qilingan. Shu yerda bir savol tug‘iladi. Bu holat korrupsionerlarga “o‘g‘irla, ishlat, agar tutib olishsa, summani qaytarib, yana davom etaver” degan signalni bermaydimi? Hukmni o‘zgartirgan sudya qaror qilishdan oldin mana shuni ham hisobga olganmikan? 

Universitet ichidagi “jinoiy guruh”

Andijonda katta summa aylangan jinoyatlar va ommaviy sudlanishlar ham kam emas. Andijon davlat universitetida 53,6 mlrd so‘m davlat byudjeti mablag‘larini talon-toroj qilgan 13 kishi o‘tgan yili sudlangan edi. 

Sud hujjatida 25 yildan buyon bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan shaxs, rektor va yana 11 kishi jinoiy reja tuzgani aytilgan. Qo‘yilgan ayblovlar esa stipendiya, kontrakt, rag‘batlantirish, yotoqxona pullari va boshqa mablag‘larni o‘zlashtirish bilan bog‘liq. Buning uchun hatto talabalarning imzosi, boshqa hujjatlar qalbakilashtirilgani ham aniqlangan. Jinoyatlar esa yillar davomida turli ko‘rinishda amalga oshirilgan.

Masalan, 2019-2023 yillar davomida 8 ta holatda stipendiya oluvchi talabalar soni sun’iy ravishda oshirilgan. Stipendiya naqd pul ko‘rinishida to‘lab berilgani haqida talabalar imzosi qalbakilashtirilgan. Bu orqali talabalarga tarqatilmasdan 32 mlrd 94 mln so‘m imi-jimida bo‘lishib olingan;

2021-2023 yillar davomida esa rag‘batlantiriluvchi talabalar sonini sun’iy ravishda oshirib, talabalarning imzolarini qalbakilashtirish orqali takroran soxta to‘lov varaqalari tuzilib, berilgan pullarni kontrakt hisob raqamiga topshirib qo‘ygan holda 2 mlrd 697 mln so‘m cho‘ntakka urilgan;

2019-2023 yillar davomida 14 mlrd 408 mln so‘m to‘lov-kontrakt puli naqd pul shaklida qabul qilib olingan. Biroq uyushgan guruh ushbu to‘lov-kontrakt pullari to‘langanligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlarni bazaga kiritish orqali ularni ham shaxsiy manfaati yo‘lida ishlatgan;

2019-2023 yillar davomida talabalar turar joy ijarasi uchun to‘lagan 2 mlrd 663 mln so‘m “yeb yuborilgan”. Ular qalbaki hujjatlar bilan universitetga kirim qilingani ko‘rsatilgan;

Shu yillar oralig‘ida davlat xaridlari bilan bog‘liq 545 mln so‘mlik kamomad ham aniqlangan.

Jinoyatda ayblanganlar orasida 1998 yildan beri universitetda bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan Alimjon Mahmudov shaxsiyati alohida e’tiborga tushgandi. U sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirgan. U 7 ta turli rusumdagi mashinalarni yaqin qarindoshlari nomiga rasmiylashtirib, jinoiy faoliyatidan olingan daromadlarni mulkka aylantirish yo‘li bilan legallashtirgan. Mashinalar orasida 2023 yilda o‘g‘lining nomiga rasmiylashtirgan 2 mlrd 64 mln so‘mlik BMW X7 mashinasi ham bor. Shuningdek, u 2023 yil oktyabr oyida jinoiy faoliyati natijasida qo‘lga kiritgan 6 mlrd 621 mln so‘m pul mablag‘ini o‘g‘lining tanishi bo‘lgan shaxsning bank plastik kartasiga o‘tkazib, go‘yoki uning nomidan omonatga qo‘ygan. Bundan tashqari, sud hujjatida bosh hisobchi va rektor xodimlarning ustama, rag‘batlantirish pullarini ham qalbaki hujjatlar orqali o‘zlashtirishgani keltirilgan.

Universitet rektori lavozimida ishlagan Akrom Yo‘ldoshev esa bu ayblovlarni rad etgan.

“Biologiya yo‘nalishi bo‘yicha pedagogman. Rahbar bo‘lib ishlagan davrda buxgalteriya sohasini yaxshi tushunmaganim sababli universitetning moliyaviy iqtisodiy yo‘nalishlarini nazorat qila olmadim. Asosan ta’limni rivojlantirish, yoshlar ishlari bo‘yicha ishlab, mahalliy hokimiyat topshiriqlarini bajarib keldim. O‘zim iqtisodchi bo‘lmaganim uchun bosh hisobchi Alimjon Mahmudovga ishongandim. O‘zlashtirish va rastrata qilingan mablag‘lardan umuman manfaatdor bo‘lmaganman. Universitetda moliyaviy ishlar bo‘yicha prorektor, ichki audit, moliya reja bo‘limlari faoliyat yuritib kelgan. Ularning ham ishlarini nazorat qila olmaganman. Aybim, qo‘l ostimdagi xodimlarning ishlarini nazorat qila olmaganim”, degan sobiq rektor o‘z ko‘rsatmasida.

12 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilgan hamda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha Andijon davlat universitetiga yetkazilgan 53 mlrd 698 mln so‘m zararni qoplash uchun DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi depozit hisob raqamiga bosh hisobchi Alimjon Mahmudov 31 mlrd 78 mln so‘m, hisobchi Iskandar Isroilov 5 mlrd 175 mln so‘m, rektor Akrom Yo‘ldoshev 1 mlrd 168 mln so‘m, bosh auditor Dilshod Abdimo‘minov 442 mln so‘m, moliya-reja bo‘lim boshlig‘i Lutfullo Soliyev 145 mln so‘m, g‘aznachi Shuhrat Mamajonov 120 mln so‘m topshirgan. Bundan tashqari, xatlangan 7 ta mashina, bitta mehmonxona, 3 ta uy, tilla taqinchoqlar sotilib, sotuvdan tushgan pullar ham zararni qoplashga qaratilishi belgilangan.

Raqamlarga e’tibor berdingiz-a? Yillar davomida bu jinoyat aniqlanmagani, g‘aznaga tushmagan pullar sezilmay qolgani, shuncha kamomad borligi o‘sha paytni o‘zidayoq bilinmagani turli savollarni keltirib chiqaradi!

Qamalgan shahar hokimi va prokurori

2022 yilning dekabrida kamdan-kam uchraydigan holat yuz bergandi. Bu safar hokim o‘rinbosari emas, hozirda sobiq deb aytiladigan Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov qamalgandi, 10 yilga! Qolaversa, sobiq prokuror Qurbonali Asqarov ham 10,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ular va yana 43 nafar shaxs viloyatda 63 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblangan. Bu ish doirasida Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farhod Mullajonov, viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi bo‘lim sobiq boshlig‘i Shavkat Hoshimov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasining sobiq rahbari Azizbek Mirkomilov ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

5,5 oy davom etgan sud hujjatlariga ko‘ra, Andijon shahrining sobiq hokimi va Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasining sobiq boshlig‘i Bahrom Haydarov o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi jinoyatlarda aybli deb topilgan. Unga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlangandi.

Sobiq shahar prokurori Qurbonali Asqarov ham yuqoridagi jinoyatlar va pora berishda aybli deb topilib, 10 yil 6 oyga qamalgandi. Endi Shahar va viloyat darajasidan tushib, tuman doirasidagi poraxo‘rliklarni ham ko‘rib chiqamiz.

“Yopdi-yopdi” evaziga dala hovli

Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari osongina 10 sotixli dala hovliga ega chiqishni xohlab, fermer xo‘jaligida aniqlangan 4,1 mlrd so‘mlik zarar bo‘yicha sudga da’vo kiritilmasligini ta’minlashga va’da bergan. Hatto, tekshiruvlarni to‘xtatishga ham qurbi yetishini aytgan. Bu qilmishiga esa Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi rahbarlaridan birini sherik qilgan. Fermerni ishontirgan ham. Keyin hammasi silliq kechishi uchun hokim o‘rinbosari ishga o‘zining ukasi va kelinini ham jalb qilgan. Aqlli yurish! Qarang nima qilgan ular: hech qanday shubha bo‘lmasligi uchun hokim o‘rinbosarining o‘zi emas, ukasi hovlini o‘z turmush o‘rtog‘ining nomiga o‘tkazish maqsadida notariusga borgan. Biroq, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari hamda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mansabdoriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

$15 000 evaziga “beminnat” yordam bergan “zamhokim”

O‘tgan yilning oktyabr oyida Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari ham pora olayotgan paytida ushlangandi. U mansab mavqeidan foydalanib, tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yida 400 metr uzunlikdagi zovurni yopiq tizimga o‘tkazgan holda, buning hisobiga yuzaga keladigan 60 sotix yer maydonida har biri 30 kv metr bo‘lgan jami 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va tegishli hujjatlarni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Tekinga emas tushunganingizdek. Fuqarodan 15 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 200 AQSH dollarini olgan. Qolgan 14 800 AQSH dollarini olayotgan vaqtida esa ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yer kerakmi? Unda $20 000 bering!

Xonobod shahar hokimi o‘rinbosari ham hamkasblaridan qolib ketishini, shundoq “yog‘li” lavozimidan foydalanmaslikni xohlamagan. U o‘ziga sherik sifatida spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJning muqaddam sudlangan rahbarini tanlagan. Ular til biriktirib, mahalliy tadbirkorga ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi uchun hokimlik zaxirasida bo‘lgan 4 gektar yer maydonini osongina olib berishni va’da qilgan. Rejalari esa quyidagicha: yerni alohida lot sifatida auksion savdoga qo‘ydirish, o‘zlari 2 mlrd so‘mga uni yutish, tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish. “Peshona terisi”ning narxi esa 20 ming AQSH dollari. Bu pulni nima qilish bo‘yicha reja ham tuzishgan bo‘lsa kerak. Ammo qo‘llariga tutilgan ayni AQSH dollarida maxsus suyuqlikda yozilgan “pora” so‘zi bor edi. Ular jinoyatga dalil sifatida ro‘yxatga olingan.

$600 000 lik “ish”

Andijon tumani hokimining sobiq o‘rinbosari ham, osongina yo‘l bilan yer olib berish va’dasi orqali cho‘ntagini qappaytirmoqchi bo‘lgan. Unga bu rejada Andijon shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va 2 nafar shaxs yordam bergan. Ular ham ishlab chiqarish uchun zavod qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga erkin iqtisodiy zona hududidan 6 gektar yer maydonini auksion savdo orqali olib berishni aytishgan. Evaziga so‘ralgan pulni eshitgach ularning ishtahasi karnayligini anglashingiz mumkin: 600 ming AQSH dollari! Oldindan 150 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida esa tezkor xodimlar voqea joyiga kirib kelishgan.

Shu hokim yordamchilari pora bilan ushlanaverishi allaqachon xalq orasida turli kesatiqli memlarga sabab bo‘lgan. Mantiqan qarab, ko‘pchilik bular shunchaki “oluvchi qo‘l”, teparoqda bu rejani tuzgan “miyalar bor” deydi. Ammo sudda mantiqiy taxminlar emas, faqat isbot “gapiradi”. Nima ham deymiz.

“Ha mana pora olganlar ushlangan ekan-ku, endi sud qilinib jazosini olishadi-da” deb xotirjam bo‘ladi odam xabarlarning yakunini eshitgach. Ammo bu illat manzil, mavsum va soha tanlamasligi isbotini topgan. Shu sabab jazoni o‘tash masalasi ham ba’zida so‘roqli bo‘ladi.

Tabibning o‘zi ham bemor

Odil sudlov bu eng muhim masala. Hech qachon aybsiz odam jazo olmasligi, qonunbuzar esa jazosiz qolmasligi kerak. Bu jamiyatda qarashlar, o‘lchovlar va aholi roziligi kabi masalalarni o‘zgartirib yubora oladigan darajada muhim. Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi jinoyatda ayblangan va hukmi ham allaqachon e’lon qilingan odamning “og‘irini yengil qilish” uchun pora talab qilgan. U muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming AQSH dollari miqdordagi pullarni olgan vaqtda ushlangan. Ha, adolatning narxi u uchun shunday bo‘lgan.

Bu jinoyatlar yaqin yillarda sodir bo‘lgani va ommaga oshkor qilingani xolos. Hali biz bilmagan qanchadan-qancha holatlar bo‘lishi ham mumkin. Ularni kuzata turib “korrupsiya Andijonda shunchaki pora olish emas, tizimga singib ketgan, odatiy turmush tarzidek bo‘lib qolmaganmi?” degan savol paydo bo‘ladi. Davlat amaldori bo‘lgan hokim o‘rinbosarlari lavozimni mas’uliyat emas, tila tilagingni deydigan “jin” deb o‘ylasa, adolat ramzi bo‘lgan sudya ozodlikni narxlasa, ilm dargohidagilar faqat oshqozonini o‘ylasa, har qanday imkoniyatdan faqat “soqqa qilib qolish” dardida yashalsa, qo‘pol qilib aytganda o‘z hojatini hamma xohlaganicha chiqaraversa, atrofda shaxsiy manfaat uchun istalgan ishni bitirib beradigan “hojatbarorlar” ko‘paysa, jamiyat mana shu so‘zning o‘zagi bir bo‘lgan, oxiri “xona” bilan tugaydigan manzilga aylanib qolmaydimi? Eng dahshatlisi, bu “ochko‘zlik o‘yinlari” hozir ham davom etyapti. Bu “taom”dan yeganlar hech qachon to‘ymaydi, chunki ularning ishtahasi mansab bilan birga o‘sadi.

Jinoyat sodir etganlarning lavozimi, aylangan pullarning miqdoriga qarab bu jinoyatlar silsilasi shunchaki kadrlar xatosi emas, bu — nazoratning yo‘qligi yoki pastligi keltirib chiqargan fojia deyish mumkin. Toki pora berish va olish “tish tozalash”dek oddiy, “ozodlikka chiqish” esa “tovon to‘lash”dek oson bo‘lar ekan, bu “zanjir” uzilmaydi. Demak, tez-tez muhokamalar markaziga chiqib turadigan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning kadrlar masalasi va korrupsiyaga qarshi kurashishda qiladigan ishlari hali juda ko‘p! Ammo hokim xohlasa har qanday ishni uddalashi mumkin. Har holda “Andijon” futbol klubini chempion qilish uchun hokimiyat darajasida pul ajratish kabi tashabbuslarni ham aynan u ko‘rsatgan!


Maqola muallifi

Teglar

prokuror hokim Jinoyat ishi Andijon davlat universiteti Hokim o'rinbosari O'g'irla ishlat lavozim egalari “Yopdi-yopdi” Akrom Yo'ldoshev Dilshod Abdimo'minov Alimjon Mahmudov Qamalgan shahar hokimi Shavkat Hoshimov viloyat xalq ta'limi Tabib Davlat amaldori

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing