Andijon davlat universitetida ayol to‘rtinchi qavatdan tushib ketdi
Jamiyat
−
05 dekabr 2021
14379Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat universitetining Tarix fakulteti binosining to‘rtinchi qavatidan homilador ayol tushib ketganligi haqida xabarlar tarqaldi. Universitet ma’muriyati ushbu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, haqiqatda kecha, 4 dekabr kuni soat 14:00 atrofida Andijon davlat universitetining 1000 o‘rinli binosining 4 qavatidan ayol kishi ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan.
Holat quyidagicha sodir bo‘lgan. 4 dekabr kuni ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti talabalari ota-onalari uchun majlis o‘tkazilgan. Majlis universitetning 1000 o‘rinli binosi 4-qavatida joylashgan kichik majlislar zalida bo‘lib o‘tgan. Unda ishtirok etgan talabalardan birining kelinoyisi yig‘ilish bo‘layotgan vaqtda telefon bo‘lib qolgani sababli yig‘ilishdan chiqib, telefonda suhbatlashgan.
Ayni shu qavatda binoning zinalarini yangi, baquvvatrog‘iga alishtirish uchun eskisi olib tashlanib, yangisini o‘rnatilish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lgan.
“Ayol telefonda suhbatlashish jarayonida qurilish bo‘layotgan hududni anglatuvchi belgi va to‘suvchi tasmalarga ahamiyat bermasdan zinapoya tomonga yurgan va e’tiborsizlik oqibatida tushib ketgan. Bunda qurilish-ta’mirlash ishlar olib borilayotgan hudud to‘liq berkitib qo‘yilmagani hamda ayolning to‘siq lentalariga e’tibor bermasligi sabab bo‘lgan”, deyiladi universitet xabarida.
Hodisa yuz bergan vaqtning o‘zidayoq universitetning mas’ul xodimlari tomonidan shoshilinch tez yordam chaqirilib, fuqaro respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga universitet ma’muriyati vakillari hamrohligida olib borilgan va birinchi yordam ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, ayol homilador bo‘lmagan, deyiladi rasmiy bayonotda.