Andijon hokimligi yana yolg‘on munosabat tarqatdimi?
Jamiyat
−
19 noyabr
7669Avvalroq, Andijon viloyatining Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini ko‘chirib, uning o‘rniga turarjoy majmuasi barpo etilishi haqida xabarlar tarqalgan, viloyat hokimligi bunga munosabat bildirib, haykalni ko‘chirish bo‘yicha Ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa olinganini ma’lum qilgandi. Biroq QALAMPIR.UZ bilan muloqotda bo‘lgan “Bobur xalqaro jamoat fondi” raisi o‘rinbosari Rustamjon Mamasoliyev haykal ko‘chirilishidan xabari yo‘qligini aytdi.
“Raisimiz davolanishda. Boshqa boburshunoslarning Bobur haykalining ko‘chirilishidan xabari bormi, yo‘qmi, buni bilmayman. Ammo bu haykalning ko‘chirilishidan mening xabarim yo‘q. Hokimlik matbuot kotibi aytgan muhokamada biz qatnashmaganmiz, bu xabarlarni men ham yangiliklardan bildim.
Lekin bir narsani aytish kerak, hozir Bobur haykali atrofiga ko‘prik tushyapti. Ko‘prik bitganidan so‘ng haykal uning ostida qoladi va bu haykalga mos joy bo‘lmaydi.
Agar faxriylar, mutaxassislar kelishib uni biror munosib joyga ko‘chirishni maslahatlashgan bo‘lsa, bizning unga qarshiligimiz yo‘q”, deydi “Bobur xalqaro jamoat fondi” raisi o‘rinbosari.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. “Bobur xalqaro jamoat fondi” raisi davolanishda bo‘lsa, uning o‘rinbosarining haykal ko‘chirilishidan xabari bo‘lmasa, hokimlik matbuot xizmati aytayotgan boburshunoslar kimlar? Ular bor shaxslarmi yoki hokimlik yana yolg‘on bayonot tarqatyaptimi?
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yozda Andijon viloyatida “Dunyo sadolari” xalqaro festivali bo‘lib o‘tgan, tadbirdan so‘ng tashkil etilgan ziyofatda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning jurnalistlarga qarata aytgan “Mening gaplarimdan kavak qidirmanglar. Ovora bo‘lib yomonlik qidirmalaring. Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi baribir... Ming o‘ylaganing bilan soching oqaradi yoki to‘kiladi, xolos, boshqa narsa bo‘lmaydi” degan so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. O‘shanda viloyat hokimligi axborot xizmati vakili taqdim etgan materialda hokim yuqoridagi so‘zlarni jurnalistlarga emas, boshqalarga aytgani ma’lum qilingandi. Biroq ayni muloqotda qatnashgan bir qator markaziy OAV vakillari Shuhrat Abdurahmonov yuqorida keltirilgan so‘zlarni jurnalistlarga qarata aytganini tasdiqlagandi.
LiveBarchasi