Andijon hokimi avtomobil sotib olishga 644 mln so‘m ajratdi
Jamiyat
−
13:33 2773 1 daqiqa
Andijon viloyati hokimligi xizmat avtomobillarini xarid qilish uchun byudjet zaxira jamg‘armasidan 644 million so‘m oladi. Bu viloyat hokimining joriy yilning 7 oktyabr kuni imzolangan “Viloyat byudjetining 2026 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, viloyat byudjetining joriy yilgi zaxira jamg‘armasidan jami 744 million so‘m ajratiladi. Shundan 100 million so‘m Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi uchun 10 ming tup pavloniya ko‘chatini sotib olishga yo‘naltiriladi. Qolgan 644 million so‘m esa viloyat hokimligi Ishlar boshqarmasiga xizmat avtomobillarini sotib olish uchun ajratiladi. Biroq qarorda nechta va qanday rusumdagi avtomobillar xarid qilinishi ko‘rsatilmagan.
Qaror bilan ushbu mablag‘larni hisobga olgan holda 2026 yilgi xarajatlar rejasiga o‘zgartish kiritish ham belgilangan.
Mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Akmaljon To‘lanov zimmasiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Andijon polkasi”ning “Ginness” rekordlar kitobiga kiritilishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun 730 mln so‘m ajratilgani ma’lum bo‘lgan edi.
Live
Barchasi