“Andijon polkasi”ni Ginnesga kiritish uchun 730 mln so‘m ajratildi
Jamiyat
−
30 iyul 4731 2 daqiqa
“Andijon polkasi”ning “Ginness” rekordlar kitobiga kiritilishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun 730 mln so‘m ajratilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Andijon viloyati hokimining “Viloyat byudjetining 2026 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mablag‘lar ajratish to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, viloyat hokimiligi kotibiyat mudiri E.Xolmirzayevning 2026 yil 20 iyundagi 64-448-sonli bildirgisi va viloyat Madaniyat boshqarmasining 2026 yil 20 iyundagi 735-sonli xati asos uchun qabul qilingan.

Shu orqali viloyat byudjetining 2026 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat Madaniyat boshqarmasiga “Andijon polkasi” raqsini “Ginness rekordlari” kitobiga kiritish bilan bog‘liq xarajatlariga 730 million so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon shahridagi “Bobur arena” stadionida 20 ming nafar ishtirokchi bir vaqtning o‘zida “Andijon polkasi”ga raqsga tushgani va Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar berilgan edi.
Ushbu tadbir ortidan 1 o‘quvchi vafot etdi. Gap shundaki, joriy yilning 23 iyun kuni soat 12:30 larda “Andijon polkasi” tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar Damas'da yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Oqibatda 1 nafar o‘quvchi vafot etdi, qolganlari shifoxonaga yotqizildi. Mazkur hodisa keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
“Butun boshli bitta bola shu hokimlikni-yu Madaniyat vazirligini rekordini deb o‘lib ketaveradimi? 45 gradus issiqda bola bechoralarni tikka qilib, rekordga kirdim deb kayf qilganlar javob beradimi yo‘qmi?” deya savol qo‘ygan pedagog va jamoatchilik faoli Isroil Tillaboyev.