“Amirsoy”ga olib boruvchi yo‘lning o‘pirilishi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berildi
Jamiyat
−
27 mart 2021
6825Avvalroq, Toshkent viloyatida “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘li hududida ko‘chki yuz bergani habar qilingandi. Holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani hokimligi qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning fevral oyida Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida yog‘ingarchiliklar yillik me’yorning 366 foizi miqdorida (304 mm), mart oyida yillik me’yorning 229 foizi miqdorida (275 mm) yog‘ingarchilik yog‘ishi natijasida mazkur yo‘lning 15-21 piketi oraliqlarida yo‘l qatnov qismida dastlabki kichik yoriqlar va cho‘kishlar paydo bo‘la boshlagan.
Fevral oyining birinchi va ikkinchi dekadasida harorat birdan isib ketishi, qorning tez erishi, mavjud qor uyumlari ustiga yomg‘ir yog‘ishi va fevral oyining uchinchi dekadasida qor yog‘ib, yerning muzlab qolishi oqibatida yog‘ingarchilik miqdori ko‘payishi hamda yer osti suvlarining ko‘tarilishi ko‘chki hodisalarining faollashishiga olib kelgan.
Bo‘stonliq tumani xavfli geologik jarayonlarni kuzatish stansiyasi mutaxassislarining olib borgan kuzatish va o‘rganish ishlari natijalariga ko‘ra, yo‘lning 15-16 piketi hamda 19-21 piketi oraliqlarida harakatdagi ko‘chki yoriqlarining uzayish, kengayish, cho‘kish, siljish hodisalari faollashgan.
25 mart kuni mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan ertalab harakatdagi ko‘chkining vizual hajmi - 50000 metr kub, kechga yaqin esa taxminan 100000 metr kub hajm atrofida bo‘lgan.
"Amirsoy" tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘lining 2-3 piketi oraliqlari yo‘lning chetki qismlarida 200 metr kub hajmda tuproq siljishi kuzatilgan. Shuningdek, yo‘lning 33-34 piketi oraliqlarida 600 metr kub tuproqning surilishi va siljishi oqibatida temir-beton to‘siq devorining qisman shikastlanganligi kuzatilgan.
Hozirda vaziyat to‘liq nazorat ostiga olingan bo‘lib, 3-4 kunlik kuzatuvlar va yomg‘irli kunlardan keyin ko‘chki hududida loyiha asosida yo‘lni qayta ta’mirlash ishlari olib boriladi. Ta’mirlash ishlari natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
LiveBarchasi