“Amirsoy”da restoran butkul yonib ketdi
3-sahifa
−
10 iyun
12018Bugun, 10 iyunga o‘tar kechasi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Amirsoy” dam olish maskanida joylashgan restoran yonib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 01:32 da Bo‘stonliq tumani “Chimyon” MFY hududida joylashgan yog‘ochli konstruksiya materialidan qurilgan restoranlarning birida yong‘in ro‘y bergani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan. Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 02:01 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 02:13 da o‘rab olingan va soat 04:20 da o‘chirilgan.
Bildirilishicha, hodisa oqibatida restoranning taxminan 300 kvadrat metr maydonda tomi, shifti, ichki qismi va jihozlari yongan. Tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan. Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in sodir bo‘lgandi. Uyning 11-qavatida joylashgan xonadonda uy jihozlari yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.