“Amirsoy”ga olib boruvchi yo‘lning yorilish sababi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
25 mart 2021
17103Avvalroq, “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘li hududida ko‘chki sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Mazkur hodisaga Transport vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning mart oyida “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti hududida ko‘p miqdorda qor va yog‘ingarchilik kuzatilib, namgarchilik me’yoridan ortishi sababli hududdagi grunt va tog‘ jinslarida geologik siljish sodir bo‘lgan.
Avtomobil yo‘li va yo‘lga yondoshgan qiyaliklar lyossimon tog‘ jinslaridan (suglinkalar, supeslar) va sun’iy to‘ldirilgan tog‘ jinslaridan tashkil topgan, ostida neogen yotqiziqlari peschanik va alevrolitlar tarqalgan.
Ushbu geologik siljish oqibatida ko‘chki yoriqlaridan tahminan hajmi 50 000 m3 gacha bo‘lgan ko‘chki faollashgan. O‘zbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra ushbu hududda xavfli geologik jarayonlar faollashishining real xavfi tug‘ilib, ko‘chki yoriqlarida 6 mart kunidan boshlab olib borilgan kuzatish natijalari va o‘rnatilgan topogeodezik reperlar ko‘rsatkichiga ko‘ra sutkasiga 10-20 sm gacha surilish, 1,0 m gacha cho‘kishlar davom etmoqda.
"Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, “Amirsoy” hududiga olib boruvchi avtomobil yo‘lining 15-16 piket, 19-20 piket va 33-34 piket oraliq qismlarida vaqtinchalik yo‘lovchi va avtotransport vositalari harakati cheklandi.
Mazkur holat hozirda turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin etilayotganligi kuzatilmoqda. Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz tog‘ va tog‘ oldi hududlarida bu kabi jarayonlar muntazam ravishda sodir bo‘lib turadi. Tog‘ jinslarining siljishi, kuchli sel kelishi, gruntning o‘ta darajada me’yoridan ortiq namlanishi ta’sirida grunt ko‘chkisi va boshqa tabiiy ofat oqibatlari natijasida yo‘llarning vaqtincha bir necha kunlab yopilib qolish holatlari kuzatiladi. Bu kabi tabiiy ofatlar o‘z ko‘lamiga qarab avtomobil yo‘llari holatiga va yo‘l bo‘yi infratuzilmalariga ham turli ko‘rinishda ta’sir o‘tkazadi. O‘z vaqtida ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida esa yo‘llardagi harakat muntazamligi ta’minlab kelinmoqda.
Hozirda “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘li hududida sodir bo‘lgan tabiiy hodisa O‘zbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari bilan birgalikda joyida o‘rganilmoqda.
O‘rganishlar natijalari bo‘yicha kiritilgan tegishli xulosa va tavsiyalar asosida sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etiladi va qisqa muddatlarda avtomobil yo‘lida tiklash ishlari amalga oshirilib, avtotransport vositalari harakati qayta tiklanadi", deyiladi xabarda.
LiveBarchasi