Amirsoy, Chimyon, Beldersoy yo‘llarida harakat 1 tomonlama tashkil etildi (video)
Jamiyat
−
02 yanvar 2286 2 daqiqa
Bugun, 2 yanvar kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan dam olish maskanlariga olib boruvchi yo‘llar bir tomonlama tashkil qilinmoqda. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tog‘li hududlarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari hamda tirbanliklarni oldini olish maqsadida Amirsoy, Chimyon, Beldersoy kabi dam olish maskanlariga olib boruvchi avtomobil yo‘lida transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etilishi belgilangan.
Xususan, 4R6 Toshkent-Chirchiq-Chimyon avtomobil yo‘lining 57 kilometridan boshlab, mazkur yo‘lning 92 kilometrigacha, ya’ni 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutash joyiga qadar harakat bir tomonlama tashkil etilmoqda.
Bo‘stoliq tumani hokimining tegishli farmoyishiga ko‘ra, ushbu yo‘lda haydovchilarga qulay va tushunarli bo‘lishi uchun avtomobil yo‘llariga taqiqlovchi, buyuruvchi hamda axborot ko‘rsatkich yo‘l belgilari o‘rnatilishi belgilangan.
Harakat bir tomonlama tashkil etilgan yo‘lning boshida “bir tomonlama harakatli yo‘l” va “yo‘lning oxirida bir tomonlama harakatli yo‘lning oxiri” yo‘l belgilari, shuningdek harakatlanib kirish taqiqlangan qismida “taqiqlangan” yo‘l belgisi o‘rnatilgan.
“Barcha harakat ishtirokchilaridan ushbu tashkil qilingan chora-tadbirlarni to‘g‘ri tushungan holda tartibga soluvchilar, ya’ni yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining ishoralariga, yo‘lbelgi va chiziqlar talablariga rioya etishlarini, ehtiyotkorlik bilan harakatlanishlarini, umuman olganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.