Bo‘stonliqda 3,3 ming metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi

Jamiyat

image

Bugun, 15 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi yangi turizm majmuasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda hududda infratuzilma rivojlantirilib, yilning to‘rt faslida maroqli sayohat uchun qulay sharoit yaratilgan. Amirsoy, Chinorkent, Chorvoq darvozasi kabi ulkan majmualar, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va umumiy ovqatlanish maskanlari ishga tushirilgan.

Endi bu safga “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti ham qo‘shiladi. Fransiyaning MND kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha uchun 1278 gektar maydon ajratilgan.

Loyiha doirasida mehmonxonalar va dengiz sathidan 3300 metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi. Bu to‘liq mavsumiy turizmni ta’minlaydi. Qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Davlat rahbari bu yerdagi mehmonxona, restoran va savdo majmualarini ko‘zdan kechirgan. Jumladan, 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Unda yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. 

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, hududdagi yana bir loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Ularda ham xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan. Yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qilish mo‘ljallangan. Majmuada 100 dan ortiq kishi ishli bo‘ladi.

Ayni paytda 6 ta shale qurilishi davom etmoqda. Prezident yangi majmualar qurish va xizmat ko‘rsatishda ilg‘or tajribalarni qo‘llash, xodimlar malakasini oshirish muhimligini qayd etdi. Hududdagi imkoniyatlarni turizm platformalarida targ‘ib etib, mahalliy va xorijiy sayyohlarni faol jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Ta’kidlanishicha, shu yerda 300 ta avtomobilga mo‘ljallangan turargoh ham bor. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etilgan. Bu nafaqat qulaylik, balki turistlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni yaxlit taqdim etish imkoniyatini ham beradi.

“Umuman, “Chimyon” umummavsumiy kurorti samarasida xizmat ko‘rsatish sohasida minglab yangi ish o‘rinlari, mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbai paydo bo‘ladi. Turistlarga eng zamonaviy xizmatlarni taklif etib, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini sezilarli oshiradi. Bo‘stonliqda turizm boshqa sohalar bilan uyg‘un tarzda rivojlanib, butun hududning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirayapti. Savdo va xizmatlar turi, transportlar harakati ko‘payyapti. Shu bois, umummavsumiy kurort loyihasi doirasida avtomobil yo‘lida tunnel ham qurildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, ushbu inshoot tarkibiga uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. U hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshirib, transportlar harakatini yengillashtiradi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ziyod avtomashinalar xavfsiz va qulay harakatlanishi mumkin.

Yo‘llar qulayligi hududning turizm salohiyatini to‘la ishga solish va iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omili ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, tabiatni musaffo saqlash, dam oluvchilarning ekologik madaniyatini oshirish muhimligi qayd etildi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga borib, “Renessans” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Chimyon Bo'stonliq osma dor yo'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing