Japarov Qirg‘izistonda “Amirsoy”dagidek kurortlar nega yo‘qligini aytdi

Olam

image

Kecha, 25 yanvar kuni Toshkent viloyatida joylashgan “Amirsoy” kurort majmuasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazganidan so‘ng Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘z mamlakatida kurort zonalar nega tashkil etilmaganini aytdi. Bu haqda u o‘zining sahifasida post qoldirdi.

Japarov “Amirsoy” chang‘i kurortini maqtab, Qirg‘izistonda bunday majmualar qurilmaganini tanqid qildi:

“Davlatimiz hududining 94 foizini tog‘lar egallaydi. Yettita hududimizning har birida shunday kurortlar bo‘lishi mumkin edi. Lekin bizda ular deyarli yo‘q. Nima uchun? Chunki mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan buyon, oddiy odamlardan tortib prezidentlargacha biz faqat siyosat bilan shug‘ullandik. Har kuni mitinglar o‘tkazdik, har kuni to‘ylar bo‘ldi. Iqtisodiyot, turizm va boshqa muhim sohalarga e’tibor bermadik.

“Amirsoy” tog‘-chang‘i bazasiga qarab, lol qoldim. Mavqedoshim Shavkat Mirziyoyev bu bazani noldan yuqori darajada qurib chiqdi. Gap yo‘q. Zo‘r ish.

Qanchadan-qancha odamlar ish bilan ta’minlangan. Millionlab turistlar bu yerga dam olish uchun kelyapti. Servis darajasi Yevropanikidan qolishmaydi. Hammasi yuqori darajada”, deya yozgan Qirg‘iziston rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan “Amirsoy” kurort majmuasida norasmiy uchrashuv o‘tkazgani hamda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qirg'iziston Amirsoy Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing