Amerikalik ayol jo‘natmalari o‘g‘irlanganini aytmoqda. “O‘zbekiston pochtasi” AJ videoga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
08 Oktabr 2020
18012Ijtimoiy tarmoqlarda amerikalik ayolning videosi tarqalmoqda. O‘zini Jesika deb tanishtirgan ayol videoda O‘zbekiston pochtasi orqali yuborilgan qiymati 1000 AQSH dollariga teng bo‘lgan chinni va sopol buyumlar siniq holatda kelgani, buyumlar o‘g‘rilanganini aytadi. Mazkur holat bo‘yicha “O‘zbekiston pochtasi” AJ munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan mazkur video rolik bo‘yicha tegishli o‘rganish ishlari olib borilgan.
“Bojhona deklaratsiyalarini o‘rganish jarayonida “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasidan AQSH manzili bo‘yicha 2 ta qiymati e’lon qilingan jo‘natmada (jo‘natmalarning bojhona deklaratsiyasi ilova qilinadi) chinni buyumlar solingan idishlar yuborilganligi aniqlangan.
Ushbu jo‘natmalar Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro T.M. tomonidan AQSHning Vashington shtatida ta’lim oluvchi o‘g‘li E.J.ga yuborilgan (Jessika xonim bilan oluvchi E.J. o‘rtasidagi bog‘liqlik bizga ma’lum emas) bo‘lib, jo‘natmalarning har biri 100 000 so‘m (ta’kidlanayotgan 1000 dollar) miqdorida qiymati e’lon qilingan.
Mazkur jo‘natmalarni pochta aloqasi ob’ektida qabul qilish jarayonida pochta xodimi tomonidan mijozga jo‘natmalarni uzoq masofaga jo‘natayotgani, uning ichidagi jo‘natmaga shikast yetmaydigan ravishda o‘rash lozimligi, aks holda jo‘natmalarga zarar yetishi mumkinligi tushuntirilgan, shuningdek, qo‘shimcha haq evaziga maxsus tarzda o‘rash hizmati tavsiya etilgan, ammo mijoz o‘zi tomonidan o‘ralgan holda jo‘natmalarni taqdim etgan. Jo‘natmalarni qabul qilish jarayonining video yozuvlari mavjud. Jessika xonim o‘z videosida jo‘natmalar tegishli ravishda o‘ralmagan holda jo‘natilsa, shikast yetmasdan borishiga kafolat berilmasligi to‘g‘risida ogohlantirilganligini aytib o‘tgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
AQSHda istiqomat qiluvchi video muallifi Jesika unga jo‘natmalar bo‘yicha treking uchun shtrix-kod berilmaganligini ma’lum qilgan. “O‘zbekiston pochtasi” AJning ta’kidlashicha esa, jo‘natmalar bo‘yicha treking uchun shtrix-kod belgilangan qoidalarga muvofiq jo‘natuvchiga beriladi, bu ilovada keltirilgan bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan.
“Jo‘natuvchiga 2 ta jo‘natma uchun berilgan maxsus shtrix-kod orqali jo‘natmalarning yuborilish holati pochta jo‘natmalarini ko‘zatish bo‘yicha maxsus sayt orqali o‘rganib chiqilganda, birinchi jo‘natma 5 oktyabr kuni oluvchiga topshirilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ikkinchisi o‘g‘irilangan deb takidlanayotgan jo‘natma 6 oktyabr kuni oluvchiga topshirilgan, buni kuzatish bo‘yicha maxsus sayt tasdiqlaydi (saytdan olingan skrinshotlar ilova qilinadi).
Bugungi kunda, butun dunyoda pandemiya munosabati bilan aviaqatnovlar ba’zi bir davlatlarga vaqtinchalik to‘xtatilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasidan AQSHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘qligi sababli Seul orqali AQSHga yetkazib berilgan”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, mazkur holatga o‘xshagan vaziyatlar dunyoning boshqa mamlakatlaridagi pochta kompaniyalari tajribasida ham uchrab turadi. Shu sababli, mijozlar manfaatini himoya qilish maqsadida, Umumjahon pochta ittifoqi Konvensiyasi reglamentining 17-237-bandiga muvofiq, barcha pochta jo‘natmalari ichidagi jo‘natmaga shikast yetmaydigan ravishda qadoqlangan, shuningdek, shisha yoki boshqa mo‘rt jo‘natmalar pochta qutilariga joylangan va tegishli himoyalangan materiallar bilan o‘ralgan holda yuborilishi lozimligi belgilangan.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ reglamentga ko‘ra, jo‘natmaga shikast yetkazilgan holatlar yuz bergan taqdirda, mijoz tomonidan pochta xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyaga rasmiy murojaat qilinishi lozimligi va murojaat belgilangan tartibda milliy pochta operatori tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilganini eslatadi. AQSHda mazkur holat yuzasidan USPS kompaniyasiga murojaat etish talab etiladi.
“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Umumjahon pochta ittifoqi Konvensiyasi Reglamentining 22-bandiga muvofiq pochta jo‘natmalarini xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan yuborish jarayonida xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlansa, belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lovi undirilishi ko‘rsatilgan”, deyiladi “O‘zbekiston pochtasi” AJ bayonotida.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr