“O‘zbekiston pochtasi” xususiylashtirilib, 100 mlrd so‘m qarz oldimi?

Jamiyat

−

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati xususiylashtirilgani va kompaniya tomonidan 100 milliard so‘m miqdorida qarz olingani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan Davlat xaridlarini boshqarish agentligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, jamiyat ustav kapitalidagi davlat tashkilotlari, korxonalar va tijorat banklariga tegishli aksiyalar paketi, ya’ni 92,9 foiz davlat ulushi Davlat aktivlari agentligiga to‘liq o‘tkazilgan.

“Wildberries” va “Uzum market” kabi yirik kompaniyalar tomonidan ushbu ulushni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirilgan, lekin bugungi kunda davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan.

Bildirilishicha, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati hozirda murakkab moliyaviy va transformatsiya bosqichini boshdan kechirmoqda. So‘nggi uch yilda sof foyda o‘rtacha 800 million so‘m, rentabellik darajasi esa 0,2 foizni tashkil etgan. Joriy yilning 6 oylik yakunlari bo‘yicha tushum 313,6 milliard so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga kamaygan.

Bundan tashqari, asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi qarorlarni pochta orqali yetkazib berish xizmati joriy yilning 16 may kunidan to‘xtatilgan. Ushbu xizmat to‘xtashi oqibatida 9 oy yakunlari bo‘yicha 1,7 milliard so‘m miqdorida zarar ko‘rilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, bank qarzdorligi 45,3 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

“Bugungi kunda elektron tijorat (E-commercye) bozorining shiddatli rivojlanishi pochta infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilishni talab etmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, modernizatsiya va raqamlashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun 300 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ zarur. Ushbu mablag‘ doirasida yuk avtotransporti va elektr transport vositasini sotib olish, saralash markazi hamda IT-infratuzilmani yangilash, qo‘shimcha pochtamatlarni o‘rnatish va aloqa ob’ektlarini ta’mirlash kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan”, deyiladi xabarda.

Jamiyatga zamonaviy boshqaruv modellarini joriy etish hamda investitsiyalarni jalb qilish maqsadida mamlakatdagi yirik marketpleys kompaniyalaridan biri bo‘lgan “WB INT EXPORT” MCHJ bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida ushbu kompaniya Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida 100 milliard so‘m miqdorida qarz mablag‘ini taqdim etishga tayyorligini bildirgan.

Mazkur bitim qonunchilikka ko‘ra yirik bitim hisoblangani bois aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan. Biroq foiz stavkalari, qarz miqdori va qaytarish grafigi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmaganligi sababli aksiyadorlarning 2026 yil 21 sentyabrdagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida bu masalada qaror qabul qilinmagan. Shu bois, jamiyat tomonidan 100 milliard so‘m qarz olingani haqidagi xabarlar asossiz. Qarz shartlari to‘liq aniqlashtirilgach, masala qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Qayd etilishicha, “WB INT EXPORT” MCHJ vakillarining “O‘zbekiston pochtasi” AJ Kuzatuv kengashiga jalb etilishidan asosiy maqsad zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish hamda jalb qilinishi ko‘zda tutilgan investitsiya mablag‘larining maqsadli ishlatilishini nazorat qilishdan iborat.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing