AQSHga ishonch yo‘qoldi. Yevropa oltinlarini qaytarib olmoqda

Tahlil

Reklama
0:00

Oltin shunchaki qimmatbaho metall emas. U davlatlar uchun eng og‘ir inqiroz kunlarida ham qiymatini saqlab qoladigan moliyaviy “sug‘urta” hisoblanadi. Shu sababli markaziy banklar o‘z oltinlarini qayerda saqlash masalasiga oddiy logistika muammosi sifatida qaramaydi. Zaxiralar saqlanadigan joy xavfsiz, tezkor sotuvlarga qulay bo‘lishi lozim.

Turli faktorlardan kelib chiqib Nyu-York mana shunday oltin zaxiralari saqlanadigan muhim shaharlardan biriga aylangan edi. Ammo so‘nggi paytlarda Yevropa davlatlari o‘z oltinlarini AQSHdan olib chiqib ketmoqda.

Niderlandiya 10 milliard dollardan ortiq oltin zaxirasini Shimoliy Amerikadan Buyuk Britaniyaga ko‘chirdi. Fransiya esa Nyu-York Federal zaxira bankida saqlangan 129 tonna oltinni mamlakatga qaytardi. Bu davlatlarning oltinni shunchaki boshqa seyfga solib qo‘yayotgani ortida jiddiy signal bor. Uzoq vaqtdan beri Yevropaning ishonchli hamkori bo‘lgan AQSH bugun prognoz qilib bo‘lmaydigan qarorlarni qabul qilmoqda. Trampning kayfiyati ob-havodan ham tez o‘zgarib qolishi va ko‘ngli tusagan farmonni e’lon qilishi mumkinligi eski do‘stlarni cho‘chitmoqda.

Xo‘sh, dunyoning eng yirik moliyaviy markazlaridan biri bo‘lgan AQSH nega oltin uchun avvalgidek qulay manzil bo‘lmay qoldi? Nega Amerikadan oltinlar olib chiqib ketilmoqda?

AQSHga oltinlar qanday kelib qolgan?

Bugun Nyu-Yorkdagi Federal zaxira bankining omborida turli mamlakatlarning oltinlari saqlanadi. Manxettenda, dengiz sathidan taxminan 15 metr chuqurlikda dunyodagi 36 ta davlat va xalqaro tashkilotlarning oltin zaxiralari mavjud. Federal zaxira banki maxfiylik siyosatiga ko‘ra, qaysi davlatning qancha oltini borligi oshkor qilinmaydi. Ammo taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, yer osti seyflarida 5 000 dan 6 200 tonnagacha tilla borligi aytiladi va ularning 95 foizdan ortig‘i AQSHga emas, xorijiy davlatlar, markaziy banklar va xalqaro tashkilotlarga tegishli.

Xo‘sh, shuncha oltin AQSHga qanday kelib qolgan? Nega davlatlar o‘zlarining qimmatbaho resurslarini aynan AQSHda saqlamoqda? Bu savollarga javobni tarix qa’ridan qidirish kerak.

Hikoya aslida Birinchi jahon urushi davridan boshlanadi. Urushgacha bo‘lgan davrda dunyoning moliyaviy markazi London hisoblanardi. Ammo urush Yevropani manaman degan davlatlarini ham, jumladan Buyuk Britaniyani ham qiynab qo‘ydi.

Uzoq davom etgan urush Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya kabi davlatlarni misli ko‘rilmagan miqdorda resurslarga muhtoj qilib qo‘ydi. O‘sha paytda AQSH betaraf mamlakat sifatida dunyoning eng yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchisiga aylanib olgan edi. Antanta davlatlari AQSHdan ulkan hajmdagi qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, po‘lat, neft va oziq–ovqat sotib olishni boshladi. Sotuvlar esa oltin evaziga qilingan. Natijada juda katta miqdorda oltin Atlantika bo‘ylab boshqa qit’aga ko‘chirildi.

Urush Yevropaning ham qarashlarini o‘zgartirdi. Qit’a to‘liq urush girdobiga tortilgan, Yevropa poytaxtlarida saqlanayotgan oltinlar esa kutilmaganda dushman qo‘liga o‘tib ketishi mumkin edi. AQSH esa urush maydonidan minglab kilometr uzoqlikda, ikkita okean bilan himoyalangan xavfsiz va tinch hudud edi. Davlatlar o‘z aktivlarini boy berishdan ko‘ra, boshqa davlat hududida bo‘lsa-da saqlashni tanladi.

Ikkinchi jahon urushi esa bu jarayonni keskin tezlashtirdi. AQSHdan tezkor qurol-yarog‘ xarid qilish uchun oltinlarni okean orqali tashib yurish xavfsizlik jihatidan ham, logistika jihatidan ham to‘g‘ri kelmasdi. Shu sababli bir yo‘la oltinlarni AQSHda saqlash har tomonlama qulay edi.

1944 yilda esa Bretton-Vuds tizimi ishga tushdi. Dunyo yagona oltin standartini qabul qildi. Dollar oltin bilan bog‘landi: xorijiy markaziy banklar o‘z dollarlarini AQSH hukumatidan belgilangan narxda – bir troya unsiyasi uchun 35 dollardan – oltinga almashtira olardi.

Shu bilan AQSH nafaqat dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga, balki xalqaro moliya tizimining markaziga ham aylandi.

Xorijiy davlatlar uchun oltinni Nyu-Yorkda saqlashning yana bir katta afzalligi bor edi: uni har safar jismonan tashish shart emas edi. Markaziy banklar o‘zaro hisob-kitoblarni Nyu-Yorkdagi oltin hisobvaraqlari orqali amalga oshirishi mumkin edi. Ya’ni oltin bir mamlakatdan boshqasiga kema bilan yuborilmasdan, hisob-kitoblar orqali “egasini” almashtirishi mumkin edi. Natijada Nyu-York Federal zaxira bankining ombori tobora yirik xalqaro oltin markaziga aylandi.

1973 yilga kelib, ombordagi oltin miqdori 12 ming tonnadan oshdi. Bu AQSH dollarining xalqaro tizimdagi ulkan mavqeini ham ko‘rsatardi. Ammo aynan shu davrda tizimning o‘zi yemirilib borayotgan edi.

1971 yilda Prezident Richard Nikson chet el markaziy banklari uchun dollarni oltinga almashtirishni to‘xtatdi. Bu voqea tarixda “Nikson shoki” nomi bilan qoldi. Bu qaror Bretton–Vuds tizimining amaldagi tugashini boshlab berdi.

1971 yil noyabrda Rimdagi “Palazzo della Civiltà del Lavoro” saroyida bo‘lib o‘tgan majlisda xorijiy moliya vazirlari Jon Konnalliga AQSHning bu harakatlari butun dunyo iqtisodiyotiga zarba berayotganidan shikoyat qiladi. Shunda AQSH Moliya vaziri Jon Konnalli yig‘ilgan Yevropa va Yaponiya vakillariga yuzlanib, o‘zining tarixdan joy olgan mashhur javobini beradi: “Dollar – bu bizning valyutamiz, lekin u sizning muammoingiz”.

Qizig‘i shundaki, oltin va dollar o‘rtasidagi rasmiy bog‘liqlik uzilganidan keyin ham xorijiy davlatlarning oltinlari Nyu-Yorkda qolaverdi. Chunki, endi uning vazifasi faqat dollarni ta’minlash emas, balki xavfsiz saqlash va xalqaro moliyaviy operatsiyalar uchun qulaylik yaratishdan iborat edi.

Bugungi kunda ham Nyu-York Federal zahira banki (Fed) oltinni AQSHning o‘z mulki sifatida emas, balki xorijiy hukumatlar, markaziy banklar va xalqaro tashkilotlar nomidan kastodian, ya’ni saqlovchi sifatida ushlab turadi. Fed’ning o‘zi ham ombordagi oltinning egasi emasligini ta’kidlaydi.

Ammo nega endi Yevropa davlatlari o‘z oltinlarini AQSH hududidan olib chiqib ketmoqda? Xo‘sh, nega?

“Oltinlarimizni qaytaring!”

So‘nggi paytlarda Yevropaning ayrim davlatlari oltin zaxiralarini AQSH va Kanadadagi omborlardan olib chiqib, ularni Yevropaga yaqinroq hududlarga ko‘chira boshladi. Eng so‘nggi va e’tiborni tortgan qadamni Niderlandiya tashladi. Mamlakat markaziy banki 2026 yil mart oyidan avgust oyigacha Shimoliy Amerikada saqlangan qariyb 86 tonna oltinni Londonga ko‘chirdi. Bu Niderlandiyaning jami 612,4 tonnali oltin zaxirasining qariyb 14 foiziga teng.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Niderlandiya 59 tonna oltinni Nyu-Yorkda sotib, uning o‘rniga xuddi shuncha oltinni Londonda xarid qilgan. Yana 27 tonnadan ortiq oltin esa jismonan Shimoliy Amerikadan Niderlandiyaga olib kelingan, keyin esa taxminan shunga yaqin miqdordagi oltin Niderlandiyadan Londonga ko‘chirilgan. Ya’ni operatsiyaning katta qismi xalqaro oltin bozori orqali amalga oshirilgan.

Niderlandiya bu qarorni yashirmadi. Markaziy bank oltinni ko‘chirish orqali uni “og‘ir inqirozlar yuz berganda foydalanishga yaxshiroq tayyorlash” va zaxiralarning savdoga yaroqliligini oshirishni maqsad qilganini bildirdi. Mamlakat markaziy banki rahbari Olaf Sleypen ham buni inqirozlarga qarshi harakat sifatida baholadi.

“Biz ulardan hech qachon foydalanishimiz shart bo‘lmaydi deb o‘ylaymiz, ammo biz bardoshliligimiz va tayyorgarligimizni kuchaytirishimiz kerak”, dedi Gollandiya markaziy banki raisi Olaf Sleypen.

Bu yerda “nega aynan London?” degan savol tug‘iladi. Agar maqsad AQSHdan uzoqlashish bo‘lsa, nega oltin Niderlandiyaning o‘ziga emas, yana bir xorijiy davlat – Buyuk Britaniyaga yuborildi?

Niderlandiya yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozdan xavotirda bo‘lgan yagona davlat emas. Undan oldin Fransiya ham Nyu-Yorkdagi oltin zaxirasining qolgan qismini Yevropaga ko‘chirdi.

Fransiya Markaziy banki 2025 yil iyul oyidan 2026 yil yanvar oyigacha Nyu-Yorkda saqlangan 129 tonna oltinni sotdi. Bu Fransiyaning jami 2 437 tonnali oltin zaxirasining taxminan 5 foizini tashkil qilardi. Ammo Fransiya bu oltinni shunchaki “Amerikadan olib chiqib ketmadi”. Mamlakatning o‘zi bunga Nyu-Yorkda saqlangan ushbu quymalar zamonaviy “London Bullion Market Association” standartidagi 99,99 foizlik talabga javob bermaganini sabab qilib ko‘rsatdi. Mamlakat ularni AQSHda sotib, o‘rniga Yevropada yangi, standartlarga mos oltin sotib olishni ma’qul ko‘rdi.

Qizig‘i, bu operatsiya Fransiyaga juda katta foyda ham keltirdi. “Banque de France” ma’lumotiga ko‘ra, Nyu-Yorkdagi 129 tonna oltinni sotishdan 2025 yilda 11 milliard yevrolik bir martalik kapital daromadi olingan. Shu bilan birga, Fransiyaning jami oltin zaxirasi kamaymadi – 2 437 tonnali holicha qoldi.

Ammo xalqaro tahlilchilar kelgusida jahon moliya bozorini katta silkinishlar kutayotganini prognoz qilmoqda. Jahon oltin kengashining katta bozor strategi Jozef Kavatoni intervyularidan birida urushlar va savdo keskinliklari Yevropaning AQSHga ishonchsizlik bildirishiga sabab bo‘layotganini aytdi.

“Men yaqinlashayotgan halokat borligini his qilmayapman... Lekin menimcha, odamlar o‘zlarining zaxira aktivlarini qanday boshqarish, ularni ko‘paytirish va aslida ushbu aktivlardan qanday qilib maksimal darajada foydalanish haqida samaraliroq o‘ylash borasida yaxshiroq ma’lumotga ega bo‘lmoqdalar”, deydi u.

Haqiqatdan ham, AQSH Prezidenti Donald Trampning so‘nggi vaqtlarda qabul qilayotgan qarorlari mamlakatlarni cho‘chitmoqda. Oq uy rahbari hukumatlarni o‘z irodasiga bo‘ysundirish uchun nimalar qilishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Kanada va AQSH 2025 yildan beri savdo urushida, AQSH – Isroil o‘rtasidagi Eron urushi ham davom etmoqda. To‘liq kuch va bosimga asoslangan Tramp siyosati bugun AQSHga bo‘lgan ishonchni susaytirmoqda.

Yevropa davlatlari Oq uy bilan biror мавзu­da ziddiyatga kelsa, zaxiralarga kirish imkoniyati yo‘qolishidan xavotirda. Markaziy bank uchun oltinning mavjudligi yetarli emas. Zaruriyat tug‘ilganda undan foydalanish ham kerak. Agar oltin boshqa davlat hududida joylashgan bo‘lsa, ekstremal siyosiy yoki iqtisodiy vaziyatda unga kirish imkoniyati qanday bo‘lishi masalasi paydo bo‘ladi. Niderlandiya aynan shuning uchun oltinni geografik jihatdan diversifikatsiya qilmoqda.

Ikkinchi omil – geosiyosiy keskinlik. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan keyin AQSH va uning ittifoqchilari Rossiya markaziy bankining qariyb 300 milliard dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu voqea xalqaro zaxiralarni xorijda saqlash bilan bog‘liq boshqa bir savolni kun tartibiga olib chiqdi: davlatning chet elda saqlanayotgan aktivlari siyosiy qarorlar ta’siridan qanchalik himoyalangan? Niderlandiyaning oltinini ko‘chirishiga aynan Rossiya aktivlarining muzlatilishi sabab bo‘ldi, deb aytish uchun rasmiy dalil yo‘q. Ammo bunday voqealar markaziy banklarning risklarni qayta baholashiga ta’sir qilishi mumkin.

Uchinchi omil – oltinning o‘zi yana markaziy banklar uchun tobora muhim aktivga aylanmoqda. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, markaziy banklar 2026 yilning birinchi choragida sof hisobda 244 tonna oltin xarid qilgan. Iyul oyining o‘zida esa markaziy banklarning sof xaridi 23 tonnani tashkil etdi. Ya’ni dunyo markaziy banklari oltindan voz kechmayapti, aksincha, uni zaxira portfelidagi muhim aktiv sifatida saqlab qolmoqda.

“Geosiyosiy va iqtisodiy noaniqlikning kuchayishi, oltinning strategik zaxira aktivi sifatidagi rolining ortib borishi bilan birga, bu tendensiyaga hissa qo‘shayotganga o‘xshaydi”, dedi “Brink's Global Services” kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti Nader Antar.

Buni Germaniya misolida ham ko‘rish mumkin. Bundesbank 2013–2017 yillarda katta miqdordagi oltinini xorijdan Frankfurtga qaytardi. Shu davrda Nyu-Yorkdan 300 tonna, Parijdan esa 374 tonna oltin Germaniyaga ko‘chirildi. Natijada mamlakat oltin zaxirasining yarmidan ko‘pi Germaniyaning o‘zida saqlana boshlandi.

Bundan tashqari, AQSH va Yevropa o‘rtasida ham aloqalar yaxshi emas. Eron, Xitoy yoki Grenlandiya masalalarida Vashington va alyans o‘rtasida qarashlari keskin farq qilmoqda. Fransiya Isroil samolyotlariga o‘z havo hududi orqali qurol uchirilishini taqiqlagani va Italiya AQSH bombardimonchi samolyotlarining Sitsiliyada qo‘nishiga ruxsat bermagani haqidagi yangiliklardan keyin Tramp Yevropani tinmay tanqid qilib kelmoqda.

Xullas, bir vaqtlar oltin uchun eng xavfsiz hudud bo‘lgan Amerika bugun shu aktivlarga o‘zi xavf solmoqda, go‘yo. Balki qo‘rquvlarga hojat yo‘qdir, balki davlatlarning ehtiyotkorliklari o‘rinsizdir. Ammo bir narsa aniqki, Yevropa davlatlari “Oltinlarimizni qaytaring!” deb hayqirmoqda va bu bejiz emas.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing