Rossiya AQSHdagi saylovlarga aralashish kampaniyasini boshladi – razvedka
Olam
−
17:31 681 2 daqiqa
Rossiya AQSHda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarga ta’sir ko‘rsatish uchun internetda dezinformatsiya tarqatishni boshladi. Bu haqda Amerika razvedkasining maxfiy hisobotlariga tayanib, “The New York Times” gazetasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kreml navbatdagi aralashuv kampaniyasini ma’qullagan bo‘lib, undan maqsad muayyan bir partiyani qo‘llab-quvvatlash emas, balki Amerika jamiyatida parokandalik keltirib chiqarish va kelishmovchiliklarni kuchaytirishdir. Shu bilan birga, tadqiqotchilar tomonidan aniqlangan materiallar hozircha asosan raqobatli okruglardagi demokrat nomzodlarga qarshi qaratilgan.
Soxta kontentni yaratish va tarqatish uchun sun’iy intellektdan (SI) foydalanilmoqda. Ko‘plab videoroliklar CNN, BBC va NYT materiallari kabi stilizatsiya qilingan. Ularda nomzodlar korrupsiya, antisemitizm va LGBTni qo‘llab-quvvatlashda ayblanadi.
Tadqiqotchilar oxirgi haftada bu kabi videolarning ikkita to‘lqinini qayd etgan. “Graphika” tahliliy kompaniyasi ushbu faollikni Rossiyaning “Perezagruzka” (Overload) operatsiyasi, shuningdek “Matreshka” nomi bilan mashhur bo‘lgan kampaniya bilan bog‘lagan.
Shu bilan birga, AQSH razvedkasi bevosita ovoz berish jarayoniga tahdid solishi mumkin bo‘lgan saylov infratuzilmasini buzib kirish (xakerlik) urinishlarini aniqlamagan. Shuningdek, nashr so‘rov o‘tkazgan Amerika rasmiylarining aytishicha, joriy dezinformatsiya kampaniyasi Rossiyaning avvalgi operatsiyalariga qaraganda kamroq masshtabli va kamroq muvofiqlashtirilgandek ko‘rinmoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, maxsus xizmatlar Moskvani oraliq saylovlarga qaraganda prezidentlik saylovlari ko‘proq qiziqtiradi deb hisoblaydi. Bundan tashqari, uning e’tiborini Ukraina bilan cho‘zilib ketgan urush chalg‘itmoqda. Shu bilan birga, “Graphika” katta tadqiqotchisi Jan Le Ru Rossiya kampaniyasi “jadallashib borishini” taxmin qilmoqda.
“Ular to‘xtab qoladi deb o‘ylamayman”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning noyabr oyidagi Kongress saylovlarida respublikachilar nazoratni saqlab qolsa, har bir katta yoshli amerikalikka 5 ming dollardan “Tramp dividendi” to‘lashni va’da qilgandi.