Amerikada islomofobiyaga joy yo‘q – Jo Bayden 

Olam

image

Bugun, 15 mart kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden ikki yil avval BMT tomonidan ta’sis etilgan Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan bayonot berdi.

AQSH Prezidenti shu kuni Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi Al-Nur masjidi va Linvud islom markazida qurolli shaxs dindorlarga o‘q uzgani, hujum oqibatida 51 kishi halok bo‘lgani va 40 kishi yaralanganini eslatdi.

"Bugun, Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kunida biz tinch namoz paytida bizdan o‘g‘irlangan bu begunoh ruhlarni eslaymiz", deydi Bayden.

Prezident “dunyo bo‘ylab musulmonlar diniy e’tiqodlari tufayli tez-tez nafrat va zo‘ravonlikka duch kelganini”, hozir esa “G‘azo sektoridagi voqealar tufayli islomofobiyaning qayta urchishi” kuzatilayotganini ta’kidladi.

“Men buni ko‘p marta aytganman: mamlakatimizda islomofobiyaga o‘rin yo‘q”, deydi Jo Bayden. 

Prezident Qo‘shma Shtatlarda diniy tafovutlarga asoslangan nafrat hali ham mavjud bo‘lganligi sababli 2022 yilda uning ma’muriyati antisemitizm, islomofobiya va shunga o‘xshash tarafkashlik va kamsitish shakllariga qarshi kurashish uchun idoralararo siyosat qo‘mitasini tuzganini ta’kidladi. 

Bundan tashqari, Bayden “AQSH tarixida birinchi bo‘lgan” islomofobiya va “bir-biriga qarama-qarshilik va kamsitishning bog‘liq shakllari”ga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqish jarayonida ekanini aytdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, strategiyadan butun jamiyatni musulmonlar, sikxlar, janubiy osiyolik va arab-amerikalik jamoalarga nisbatan nafrat, kamsitish va tarafkashlikning barcha shakllariga qarshi turishga safarbar qilish hamda ularning merosi va mamlakatga qo‘shgan bebaho hissasi haqida xabardorlikni oshirish maqsad qilingan. 

“Bugungi kunda millionlab odamlar Ramazon oyini nishonlayotgan bir paytda, AQSH rasmiylari masjidlar va boshqa ibodat joylari xavfsizligini kuchaytirish ustida ishlamoqda”, deb ta’kidlaydi Jo Bayden.

Shuningdek, Prezident bayonotida Oq uy ma’muriyati jamiyatda antisemitizm kayfiyatining jiddiy kuchayishi fonida unga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirishda davom etayotgani aytilgan.

“Sodda qilib aytganda, biz Amerikaning barcha amerikaliklar uchun bergan va’dasini amalga oshirish uchun aniq qadamlar tashlamoqdamiz: “Biz hammamiz teng yaratilganmiz va hayotimiz davomida teng munosabatda bo‘lishga loyiqmiz”, deya qo‘shimcha qildi AQSH Prezidenti.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing