Amerikada g‘or shaklidagi bino quriladi (foto)
Bu qiziq
−
03 may 2023
5995Manhettenda joylashgan Amerika tabiiy tarix muzeyini kengaytirish maqsadida qurilayotgan Gilder markazi toshdan shakllangan g‘or ko‘rinishida loyihlashtirildi. Bu haqda “Dezeen” sayti xabar berdi.
Unga ko‘ra, olti qavatdan iborat bo‘lishi kutilayotgan markaz asosan tashqi tomondan ochiq ayvonlar bilan qoplanadi. Uning ichki qismi esa to‘liq betondan shakllantiriladi. Loyihaga ko‘ra, umumiy maydon 3 716 kvadrat metr bo‘lib, bino bir qancha bo‘linmalardan tashkil topishi kutilmoqda. Asosiy zal, multimedia xonasi, o‘qish zali, dam olish xonalari, kutubxona, tomosha xonasi, tadqiqot va kolleksiyalar xonasi, ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar hamda yordamchi xonalar shular jumlasidandir. Binoning joylashuvi shahar markaziy metrosiga yaqin hududda loyihalashtirilgan. Uning landshaft dizayni ham bino ko‘rinishiga monand aniq bir shaklga ega bo‘lmagan holatda tasvirlangan.
"So‘nggi bir necha yil ichida arxitektorlar ma’lum bir shakldagi ob’ektli binolar bilan shug‘ullandi. Ammo biz bu yerda ko‘proq tabiiy, noma’lum shakldan foydalanishga qaror qildik. Markazda asosan muzey vazifasi yuklatilgani uchun ham ayni shundan foydalanganmiz”, deydi binoni loyihalashtirgan Gag studiyasi arxitektorlari.
Binoni qurish texnologiyasida dastlab umumiy konstruksiya ko‘tariladi, keyin to‘liq qurimagan beton aralashmasi sepib chiqiladi. Natijada esa, umuman bir-birini takrorlamaydigan shakllar paydo bo‘ladi. Mazkur binoning tasviriy san’at muzeyi bo‘limida betondan ishlangan soyabon tom hamda markazida katta zinapoya bo‘lgan ochiq hudud ham mavjud.
Bundan tashqari, markaz inter’eri yorug‘lik bilan yaxshi ta’minlangan bo‘lib, ranglardan minimal darajada foydalanilgan, yog‘ochli devorlar va ko‘plab yoritilgan shisha panellar katta xonalarga ham tabiiy yorug‘likning yetib borishiga xizmat qiladi.
Nurmuhammad Fayzullayev