Amerika G‘azodagi qirg‘inlar uchun “litsenziya” bermoqda – Rossiya

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar bosim va shantajdan foydalanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini Yaqin Sharq rezolyutsiyasining asl matnini o‘zgartirishga va unga G‘azodagi Falastin fuqarolarini o‘ldirish uchun “litsenziya” berishga majbur qildi. Bu haqda 9 yanvar, seshanba kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Anna Yevstigneyeva aytib o‘tdi.

U Falastin-Isroil mojarosi hududida harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni nazarda tutuvchi Rossiya tomonidan Yaqin Sharq rezolyutsiyasiga taklif qilingan tuzatishga AQSH veto qo‘yishini qoralagan.

“Bizning amerikalik hamkasblarimiz ayyorlik bilan samarali ikki tomonlama diplomatiya deb ataydigan eng iflos bosim va shantaj vositalaridan foydalanyapti. Bir necha kunlik faollikdan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar loyihaning asl maqsadini butunlay buzib ko‘rsatdi”, dedi diplomat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘zining Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi G‘azoda to‘liq pozitsiyasini saqlab qolishi uchun o‘ta iflos o‘yin o‘ynagan.

“Matnda jangovar harakatlarni to‘xtatishga chaqirish o‘rniga mutlaqo teskari ma’nodagi so‘z paydo bo‘ldi – jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun shart-sharoit yaratishga chaqirish, ya’ni aslida Isroilning G‘azoda falastinlik tinch aholini o‘ldirishiga ruxsatnoma”, degan u.

Yevstigneyevaning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya G‘azodagi tinch aholini qutqarish bo‘yicha shartsiz ma’naviy imperativga amal qilgan va Xavfsizlik Kengashiga g‘azoliklarni qirib tashlashni davom ettirishga ijozat beradigan Amerika xohishi bo‘yicha tuzilgan hujjatni imzolashga ruxsat bera olmaydi. Shu sababli, Rossiya arab guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan harbiy harakatlarni to‘xtatish zarurligi haqidagi dastlabki loyihani tuzatishning tarafdori.

Rossiya Federatsiyasining Doimiy vakili o‘rinbosari “Vashington bunga qarshi chiqish orqali aslida o‘zini fosh qildi va uning parda ortidagi  maqsadi – murosa matnini ishlab chiqish niyatida emasligini ko‘rsatdi”, degan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 16 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiyaning mojaro bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ko‘rib chiqqan va uni rad etgandi. 18 oktyabrda esa Braziliyaning Yaqin Sharq rezolyutsiyasi loyihasi ham rad etildi, chunki Qo‘shma Shtatlar veto huquqidan foydalandi. 26 oktyabrda esa AQSHning o‘zi rezolyutsiya taklif qildi va unga Rossiya va Xitoy veto qo‘ydi. 8 dekabr kuni AQSH yana G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya litsenziya Amerika Birlashgan Millatlar Tashkiloti G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing