AQSH BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi

Olam

image

Kecha, 18 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Yaqin Sharq bo‘yicha Braziliya taklif qilgan rezolyutsiyani qabul qila olmadi. Loyihani 12 davlat qo‘llab-quvvatladi, ikkita davlat, jumladan, Rossiya betaraf qoldi. Ammo AQSH rezolyutsiyaga veto qo‘ydi. Bu haqda BMT rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild ovoz berishdan so‘ng so‘zlagan nutqida Braziliya taklif qilgan rezolyutsiya loyihasida Isroilning o‘zini himoya qilish huquqiga oid so‘zlar yo‘qligini aytgan. Shuning uchun AQSH unga veto qo‘ygan.

“Dunyodagi boshqa har qanday davlat singari, Isroil ham BMT Nizomining 51-moddasida aks ettirilganidek, o‘zini-o‘zi mudofaa qilishda shubhasiz huquqli. “Al-Qoida” va ISHID kabi guruhlarning oldingi teraktlaridan so‘ng, Kengash bu huquqni tasdiqladi. Bu rezolyutsiya matnida ham amalga oshirilishi kerak edi”, degan u. 

Rossiya tomoni esa Braziliya loyihasiga ikkita tuzatish kiritgan. Biroq ularning hech biri kerakli miqdordagi ovozni ololmagan. 

“Ularni qo‘llab-quvvatlamagan yoki ularga qarshi ovoz bergan delegatsiyalar, asosan, Yaqin Sharqdagi qon to‘kilishini to‘xtatishga qarshi edi. Boshqa izoh bo‘lishi mumkin emas”, deydi Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni kechqurun BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiya taklif qilgan rezolyutsiyani qabul qila olmagandi. Hujjat mualliflari Isroil va HAMAS jangarilari o‘rtasidagi 10 kunlik janglar oqibatida vayron bo‘lgan G‘azo sektorida gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Rossiya tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya loyihasi besh delegatsiya (Xitoy, Gabon, Mozambik, Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari) tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, to‘rt mamlakat (Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSH) qarshi chiqdi va olti davlat (Albaniya, Braziliya, Ekvador, Gana, Malta va Shveysariya) betaraf qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya BMT Braziliya G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing