BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning G‘azo bo‘yicha taklifini rad etdi

Olam

image

Kecha, 16 oktyabr kuni kechqurun BMT Xavfsizlik kengashi Isroil va HAMAS jangarilari o‘rtasidagi 10 kunlik janglar oqibatida vayron bo‘lgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan Rossiya tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani qabul qilmadi. Bu haqda BMT rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Rossiya tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya loyihasi beshta delegatsiya (Xitoy, Gabon, Mozambik, Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, to‘rt mamlakat (Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSH) qarshi chiqqan va olti davlat (Albaniya, Braziliya, Ekvador, Gana, Malta va Shveysariya) betaraf qolgan.

Hujjatda zudlik bilan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish, gumanitar yordamdan foydalanish va tinch aholini xavfsiz evakuatsiya qilish talab qilingan.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ovoz berish natijalaridan afsusdaligini bildirib, “G‘arb delegatsiyalari blokini xudbin intilishlarda” aybladi.

"Bugun butun dunyo Xavfsizlik Kengashi qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yishi mumkinligini kutgan holda qotib qoldi, ammo G‘arb davlatlari delegatsiyalari bu umidlarni ham puchga chiqardi", degan rossiyalik diplomat.

AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild ovoz berishdan so‘ng, Rossiya hech qanday maslahatlashuvlarsiz o‘z rezolyutsiyasini ilgari surganini aytgan.

“Rezolyutsiyada HAMAS haqida gapirilmagan, bu haqda biror so‘z ham yo‘q. Rossiya HAMASni qoralamaslik bilan begunoh fuqarolarni shafqatsizlarcha qirib tashlagan terrorchi guruhni oqlayapti. Bu g‘alati. Bu ikkiyuzlamachilik va kechirib bo‘lmaydigan narsa”, degan u.

Rossiya rezolyutsiyasiga muqobil ravishda Braziliya taklif qilgan “HAMAS terror hujumlari”ni qoralab, o‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga “insonparvarlik pauzasini” talab qiluvchi loyiha ilgari surilgan. Mazkur hujjat bo‘yicha ovoz berish BMT Xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga qoldirilgan.

Mazkur rezolyutsiya qabul qilinishi uchun doimiy a’zolardan birortasi (Rossiya, Xitoy, AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya) veto huquqidan foydalanmasa, 15 tadan to‘qqizta ovoz kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya BMT Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing