AQSH yana G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi

Olam

image

Kecha, 8 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari BMT Xavfsizlik kengashida G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga veto qo‘ydi. Qo‘shma Shtatlar Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi tomonidan ovozga qo‘yilgan rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan Xavfsizlik Kengashining yagona a’zosi bo‘ldi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.

Yana 13 davlat, jumladan, Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari Rossiya, Xitoy va Fransiya ham rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. Buyuk Britaniya esa betaraf qoldi.

Ovoz berish BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning BMT Nizomining 99-moddasiga muvofiq Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilganidan so‘ng bo‘lib o‘tdi.

Guterrish qariyb yetti yillik boshqaruvida birinchi marta 99-moddaga murojaat qildi. Bu modda unga xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday muammoni Xavfsizlik Kengashi e’tiboriga yetkazish vakolatini beradi. Oxirgi marta BMT nizomining bu bandiga 1971 yilda Bangladesh qonli fuqarolar urushi oqibatida Pokistondan ajralib chiqqanida murojaat qilingan.

BMT Bosh kotibi Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqib, G‘azo sektorida gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va anklavning gumanitar tizimi “jiddiy xavf” ostida ekanidan ogohlantirdi. 

“Biz ishonamizki, bu jamoat tartibining to‘liq buzilishiga va Misrga ommaviy ko‘chish xavfi tug‘ilishiga olib keladi”, degan Guterrish.

Shuningdek, u G‘azodagi BMT xodimlariga nisbatan xavfsizlik tahdidlarining misli ko‘rilmagan xususiyatiga e’tibor qaratdi. 

"130 dan ortiq hamkasblarim halok bo‘ldi, ularning ko‘plari oilalari bilan. Bu tashkilotimiz tarixidagi eng katta yo‘qotishdir", deydi BMT Bosh kotibi. 

Isroil va uning asosiy ittifoqchisi Qo‘shma Shtatlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi, chunki ular bu faqat HAMAS qo‘liga o‘ynashi va har ikki davlat terrorchi deb hisoblagan tashkilotga qayta to‘planib, keyin Isroilga qarshi hujumlarni davom ettirish imkoniyatini berishiga ishonadi.

AQSHning BMTdagi elchisi o‘rinbosari Robert Vud Xavfsizlik Kengashiga BAAning rezolyutsiyasiga qarshi ovoz berganini aytdi.

"Xavfsizlik Kengashining 7 oktyabrdagi HAMAS terrorchilik xurujlarini, jumladan jinsiy zo‘ravonlik va boshqa tushunib bo‘lmaydigan jinoyatlarni qoralamaganligi jiddiy ma’naviy muvaffaqiyatsizlikdir va bu palatadagi muhokamalar bilan yerdagi voqelik o‘rtasidagi tub farqni ko‘rsatadi. Vaziyatning inkor etib bo‘lmaydigan tomoni shundaki, agar Isroil bugun bir tomonlama qurollarini tashlasa, HAMAS asirlar, ayollar, bolalar va qariyalarni garovda ushlab turishda davom etadi", degan Robert Vud. 

Amerika vakiliga ko‘ra, HAMAS Isroil uchun xavf tug‘dirishda davom etmoqda va G‘azo ustidan nazoratni davom ettirmoqda. Hech bir hukumat o‘z chegaralarida bunday xavfga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shma Shtatlarga ko‘ra, hozirda o‘t ochishni to‘xtatish, kelajakda faqat yangi urushlarga olib keladi.

Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan ham Guterrishning gumanitar otashkesimga yangi chaqiruvi va 99-moddani qo‘llashini qoraladi.

Uning fikricha, bu “Bosh kotibning ma’naviy buzilishlari va Isroilga nisbatan tarafkashligi”ning yana bir dalili bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 16 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiyaning mojaro bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ko‘rib chiqqan va uni rad etgandi. 18 oktyabrda esa Braziliyaning Yaqin Sharq rezolyutsiyasi loyihasi ham rad etildi, chunki Qo‘shma Shtatlar veto huquqidan foydalandi. 26 oktyabrda esa AQSHning o‘zi rezolyutsiya taklif qildi va unga Rossiya va Xitoy veto qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Antoniu Guterrish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing