AQSH taklif qilgan rezolyutsiyaga Rossiya va Xitoy veto qo‘ydi
Olam
−
26 Oktabr 2023
14442Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha AQSH tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi. Bu haqda tashkilot saytida ma’lum qilindi.
AQSH tomonidan taklif qilingan hujjatni o‘nta davlat qo‘llab-quvvatlagan. Rossiya, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari esa bunga qarshi chiqqan. Yana ikki davlat – Mozambik va Braziliya betaraf qolgan.
Ta’kidlanishicha, AQSH taklif etgan rezolyutsiyada HAMASning Isroilga hujumi qoralangan, shuningdek, garovga olinganlarni ozod qilish va xalqaro gumanitar qonunlarga rioya qilishga chaqirilgan. Hujjatda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirilmagan, balki mamlakatlarning o‘zini himoya qilish huquqi tan olingan.
Shu bilan birga, rezolyutsiyada G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishiga ruxsat berish uchun harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilinishi qayd etilgan.
Xitoy BMTdagi vakili Chjan Junning tushuntirishicha, Xitoy tomoni Amerika rezolyutsiyasini to‘sib qo‘yishining sababi – u dunyoning mojaro zonasida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘ini to‘liq aks ettirmasligida. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar alohida davlatlarning ushbu hujjatga tuzatish kiritish bo‘yicha takliflariga quloq solmagan.
“Taklif etilayotgan rezolyutsiya avvalgi loyihalarning "ruhidan chetga chiqadi" va kuch ishlatishni oqlaydi. Rezolyutsiya loyihasi G‘azodagi gumanitar inqirozning asosiy sabablarini tanlab aniqlaydi va Falastin davlatchiligi masalasini ko‘rib chiqmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Xitoy vakili.
O‘z navbatida, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashi qarorlari Isroilning G‘azodagi “mumkin bo‘lgan kuchli harakatlari”ga ta’sir qilishini istamasligini aytdi. U hujjatda belgilangan qoidalarni siyosiylashgan, nomaqbul va shubhali deb atadi. Shuningdek, Nebenzya AQSH delegatsiyalarning rezolyutsiya bo‘yicha izohlarini "e’tiborsiz qoldirganini" ta’kidladi.
Diplomat loyiha matnida o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlari yo‘qligiga e’tibor qaratdi.
“Taklif etilayotgan rezolyutsiya G‘azodagi tinch aholi va fuqarolik ob’ektlariga beg‘araz hujumlarni qoralamaydi va tinch aholini majburan ko‘chirishga qaratilgan har qanday harakatlarni inkor etmaydi”, deydi Rossiya vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat mualliflari uni G‘azoda quruqlikdagi operatsiya amalga oshishiga hech narsa to‘sqinlik qilmasligi uchun tuzgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiyaning mojaro bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ko‘rib chiqqan va uni rad etgandi. Keyinchalik Braziliyaning Yaqin Sharq rezolyutsiyasi loyihasi ham rad etildi, chunki Qo‘shma Shtatlar veto huquqidan foydalandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr