Amaldorlarning istaganda xizmat avtomobilini yangilashi taqiqlanadi
Jamiyat
−
12 avgust 2020
15038Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshiriladigan tartib o‘rnatiladi. Bu haqda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida belgilangan.
Mazkur qaror davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda davlat mulkidan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirishni ta’minlashni ham maqsad qilgan.
Ushbu hujjat loyihasida belgilanishicha, xizmat avtotransportlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan:
• davlat hokimiyati va respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida birinchi rahbarlar hamda ularning o‘rinbosarlariga;
• vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralar huzuridagi davlat organlarida hamda davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini:
• yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshiriladi (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransportlar bundan mustasno). Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim;
• O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mablag‘ oluvchi tashkilotlar tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda;
• Qoraqalpog‘iston Respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan mablag‘ oluvchi tashkilotlar tomonidan – tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda tegishli byudjetlardan ajratilgan mablag‘lar doirasida sotib olinadi yoki ijara bo‘yicha jalb etiladi, shuningdek, xizmat avtotransportlarini sotish faqat “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
Shu bilan birga Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xizmat avtotransportlarining belgilangan yo‘l bosish yillik limitlariga qat’iy amal qiladilar.
LiveBarchasi