Amaldorlar bayroq ossa – faxr, xalq ossa – hurmatsizlikmi?
Tahlil
−
08 may 2023
24541Avvalroq 5 may kuni yelkasiga bayroq osib olgan bir yigitni IIB xodimlari ushlab olib ketishgani haqida xabar bergan edik. Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, mazkur voqea Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida sodir bo‘lgan. Videoni esa qashqadaryolik bloger Odil Elmurod o‘z Telegram sahifasiga joylagan.
Videodan ko‘rinishicha, yigit bozor rastalari biridan “Bitiruvchi” deb yozilgan bayroqli tasma sotib olgan va uni yelkasiga taqqan. Biroq bozor hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan IIB xodimlari bu qonunga xilof ekanini aytgan va ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati mazkur voqea bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, 2023 yilning 5 mayida Qamashi tumanidagi “Chim” dehqon bozorida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ini taqib yurgan fuqaro IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat ramzlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligi, uni yechib qo‘yib davlat ramzlariga hurmatsizlik qilmaslik tushuntirilganida fuqaro IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatgani aytilgan.
Natijada Qamashi tumanida yashovchi fuqaro bilan belgilangan tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
“Holat yuzasidan fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko‘ra hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy to‘xtamga kelish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan.
Darhaqiqat, O‘zbekiston qonunchiligida “vatanparvarlik uchun”, ya’ni uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa turdagi tovarlarda davlat gerbi va bayrog‘i tasvirlaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi va buning uchun jarima belgilangan.
Bundan bir muddat oldin Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi va bayrog‘i tasviri tushirilgan antikvar uy-ro‘zg‘or buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorni tanqid qilib, uning bu faoliyati qonunga xilof ekanini aytgandi.
“Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-1-moddasi hamda “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 5-2-moddasiga muvofiq davlat ramzlari tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas”, degan Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva.
Agar shunday bo‘lsa, nima uchun biz yuqorida ko‘rgan holatda bayroqli tasmani sotayotgan sotuvchi, uni ishlab chiqargan tadbirkor emas, uni sotib olib taqib yurgan yigit qo‘lga olindi.
Bu xuddi giyohvandlik moddasini qabul qilgan odam jinoyatda ayblanib, uni yetishtirgan va sotgan odam aybsiz ekanidek gap emasmi.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasida davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar; davlatlarning rasmiy nomlari tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan”, degan Adliya vazirligi.
Shuningdek, buning uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 203-1-moddasida ham javobgarlik belgilangan.
“Adliya vazirligi davlat ramzlarini hurmat qilishni va qonunga binoan faoliyat yuritishni so‘rab qoladi”, degan Adliya vazirligi matbuot kotibi O‘rinboyeva.
Qizig‘i shundaki, “Bitiruvchi” deb yozilgan bayroqli tasmalar O‘zbekistonda bir necha yillardan beri amalda. Har yili millionlab maktab bitiruvchilari aynan mana shunday tasmalardan foydalanadi. Ammo negadir bu davlat ramziga nisbatan hurmatsizlik ekanini endi bildik.
Ishonmasangiz mana bu suratlarga qarang. Xo‘sh mana shu suratlardagi fuqarolarning bari qonunbuzarmi shunda? Ular ham javobgarlikka tortilganmi?
Yoki bunday tasmalar faqat Qamashida taqiqlanganmi?
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bayrog‘i ko‘rinishidagi bunday tasmalarning boshqacharoq shakli ham O‘zbekistonda foydalanib kelinadi. Foydalanganda ham hukumat darajasida foydalaniladi.
Bu Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan joriy etilgan, bayroqli Sharaf lentasi. Uni 9 may xotira va qadrlash kunida butun respublika bo‘ylab ko‘plab odamlar taqishadi. Shuningdek, siz tanigan mana bu taniqli shaxslar ham.
Agar bitiruvchilar kunida taqiladigan tasma qonunchilikka xilof bo‘lsa, demak bayroqli ingichka tasma ham ta’qiqlanishi kerak emasmidi?
Yoki motamsaro ona poyiga qo‘yiladigan gulchambarlardagi bayroqlarchi. Ular ham davlat ramziga nisbatan hurmatsizlik belgisimi?
Yoki qonunimiz turlanib amaldorlar va odamlar uchun boshqacha-boshqacha ishlaydimi?
Agar Qashqadaryo viloyati IIB haq bo‘lib, bu haqiqatdan ham davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblansa, biz yuqorida suratlarini e’lon qilgan Bosh vazir, hokimlar va mashhur shaxslar ham, xullas ko‘ksiga o‘z bayrog‘i ramzini taqqan har bir fuqaro jazolanishi kerak emasmi?
Holat yuzasidan kecha, 7 may kuni Bosh prokuratura rasmiy bayonot berib, Qashqadaryo viloyati Qamashi tuman IIB tomonidan yigitga nisbatan qabul qilingan qaror noqonuniy ekanini aytib chiqdi.
“5 may kuni Qashqadaryoning Qamashi tumanida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i rangidagi tasmani taqib yurgan yigitga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan.
Bosh prokuratura aralashuvi bilan yigitga nisbatan qo‘llanilgan ushbu noqonuniy qaror bekor qilinishi ta’minlandi”, deyiladi prokuratura xabarida.
Biroq Bosh prokuratura yigitni noqonuniy tarzda qo‘lga olgan IIB xodimlariga jazo qo‘llaniladimi-yo‘qmi bunga aniqlik kiritmagan.
Aslida esa qamashilik yigitni qo‘lga olganlardan tortib unga ma’muriy ish qo‘zg‘atganlargacha barcha Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani IIB xodimlarining o‘zi fuqaroga noqonuniy talab qo‘ygani va qaror qabul qilgani uchun javobgarlikka tortilishi kerak emasmi?
Tegishli davlat organlaridan savollarimizga javob berishlarini va aslida kim aybdor ekaniga aniqlik kiritishlarini, bayroqni qachon va kim taqib yurishi mumkinu, kimlar uni osolmasligiga tushintirish berishlarini so‘rab qolamiz.
LiveBarchasi