Bekobodda IIB xodimi sudlanuvchining akasini urib o‘ldirgani aytilmoqda
Jamiyat
−
21 iyun
9117Sudlanuvchining akasi IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida tan jarohati olib, vafot etgani aytilmoqda.
Joriy yilning 19 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudida fuqarolar aka-uka D.Yu. hamda D.Yu. sud qaroriga e’tiroz bildirib, tartibsizlik qilgani uchun IIB xodimlari ularni IIB binosiga majburiy olib ketgan.
“So‘ngra IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro D.Yu. tan jarohatlari sababli vafot etgan”, deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur To‘laganov munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudiga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye”, “k”, “l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Yu.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Joriy yilning 19 iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida, ayblanuvchi X.Yu.ning akalari 1981 yilda tug‘ilgan D.Yu. va 1978 yilda tug‘ilgan D.Yu. ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘targani uchun jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
IIB binosiga kirish yo‘lagida, fuqaro D.Yu. sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.
“Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Yu. vafot etgani aniqlangan. Hozirda fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi munosabatda.
LiveBarchasi