Farg‘onada IIB xodimlari va fuqarolar janjallashdi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Furqat tumani markazida ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari xususiy tadbirkor ayolni do‘konidan kuch ishlatib, majburan olib chiqib ketishgani va IIB binosida asossiz ravishda 8 soat ushlab turishgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 21 noyabr kuni Furqat tumanining Istiqlol ko‘chasidagi savdo do‘konlari oldiga tadbirkor tomonidan kameralar o‘rnatish jarayonida fuqarolar F.R. (ayol), D.Yu., U.M. hamda voyaga yetmagan A.A. qarshilik qilgan.

 

“Mazkur holat yuzasidan qilingan murojaat asosida tuman IIB profilaktika inspektorlari hodisa joyiga yetib borib, fuqarolarni tinchlantirishga harakat qilishganida, ushbu fuqarolar jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan janjal ko‘tarishgan. IIB xodimlarining qonuniy talabini bajarmay, faol qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatishgan hamda xodimlarning xizmat kiyimiga zarar yetkazishgan”, deyiladi IIB munosabatida.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Furqat tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tarmoqlarda sizdirilgan videoda esa ichki ishlar organi xodimlarining fuqarolarni mashinaga solib ketayotganini ko‘rish mumkin. Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, tadbirkorning eri va 15 yoshli o‘g‘lini ham kuch ishlatib, olib borib, IIB binosida tungi soat 2 gacha ushlab turishgan. Guvohlarning aytishicha, IIB xodimlaridan ikki nafari spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan. IIB xodimlari o‘z ayblarini yashirish maqsadida do‘konga qaytib kelib, kamera xotirasini do‘kon egasining ruxsatisiz yechib olib ketgani, ayolni mashinasiga majburan o‘tqazganidan so‘ng unga nisbatan turli uyatli so‘zlar ishlatib, shilqimlik qilgani ham aytiladi.

IIB munosabatida esa bu borada so‘z ochilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

janjal Farg'ona viloyati fuqarolar IIB xodimlari Furqat tumani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing